Afg‘oniston sharqida taniqli Tolibon qo‘mondoni halok etildi

Image caption Tolibon jangchilari endilikda Pokistonda panoh topishga ehtiyoj qolmaganini aytishadi

Afg‘onistonning sharqiy Xost viloyatida "Haqqoniy" jangari guruhining nufuzli qo‘mondoni, Dilovar, o‘ldirilgan.

Ayon bo‘lishicha, u tarmoqning o‘tgan hafta qo‘lga olingan Afg‘onistondagi asosiy rahbari muovini bo‘lgan.

Uning, bundan tashqari, "Al-Qoida" va O‘zbekiston Islomiy Harakatiga aloqasi bo‘lgani ham aytiladi.

Afg‘onistondagi Xavfsizlikni Saqlash (AYSAF) kuchlarining bayonotida aytilishicha, "Haqqoniy" tarmog‘ining nufuzli qo‘mondoni chorshanba kuni sharqiy Xost viloyatining Muso Xel tumanida uyushtirilgan havo hujumida o‘ldirilgan.

Hujumning aynan qo‘mondonni nishonga olib, amalga oshirilgani aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, o‘ldirilgan qo‘mondon faqat Dilovar nomi bilan tanilgan bo‘lgan. Havo hujumida uning ikki yordamchisi o‘ldirilgani ham aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, qo‘mondon Dilovar "Haqqoniy" tarmog‘ining o‘tgan hafta NATO tomonidan qo‘lga olingan Afg‘onistondagi bosh qo‘mondoni Hoji Mali Xonning yordamchisi bo‘lgan.

NATOning ma‘lum qilishicha, qo‘mondon Dilovar xorijiy isyonchilarning Afg‘onistonga o‘tishlariga ham yordam bergan.

"Al-Qoida" tarmog‘i va O‘zbekiston Islomiy Harakatiga aloqasi ham bo‘lgan.

AYSAF kuchlarining bayonotida aytilishicha, qo‘mondon Dilovar afg‘on kuchlariga qarshi hujumlarni muvofiqlashtirish va Afg‘oniston-Pokiston chegarasi osha qurol-yaroq olib o‘tish ishlarini tashkillashtirgan.

AYSAF kuchlariga ko‘ra, qo‘mondon Dilovarning o‘ldirilishi "Haqqoniy" tarmog‘i berilgan yana bir jiddiy zarbadir.

Agar rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, xalqaro ittifoq kuchlari shu yil hisobidan afg‘on askarlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston sharqida "Haqqoniy" tarmog‘iga qarshi besh yuzdan ortiq harbiy amaliyot uyushtirishgan.

Tarmoqning kamida 20 rahbari o‘ldirilgani va yana bir yarim mingga yaqin a‘zosi hibsga olingani xabar qilinadi.

"Haqqoniy" tarmog‘i Tolibon bilan bir safda Afg‘onistonda jang olib borayotgan uchta yirik isyonkor guruhdan biri, ammo eng xatarlisi sanaladi.

Afg‘onistonga xudkushlik hujumlarini olib kirgan va qator shov-shuvli hujumlar ortida turgani ishoniladi.

Yaqinda tarmoq rahbarlaridan Sirojiddin Haqqoniy endilikda Pokistonda boshpana topishlariga hojat qolmagani, Afg‘onistonda bemalol faoliyat olib borishayotganini bayon qilgandi.