Shavkat Mirziyoyev paxta tolasini imkon qadar O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, to‘qimachilik sanoatini kuchaytirish evaziga yaqin yillar ichida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxta tolasining uchdan ikki qismini mamlakatning o‘zida qayta ishlash rejasidalar.

Janob Mirziyoyev bu haqda kecha chorshanba kuni poytaxt Toshkentda ochilgan Xalqaro O‘zbek Paxta va To‘qimachilik mahsulotlari yarmarkasida bayon qilgan.

Ayon bo‘lishicha, joriy paytda esa, O‘zbekistonda qayta ishlanayotgan paxta tolasining hajmi 30 foizdan ortiqroqni tashkil etadi.

Agarda ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, O‘zbekiston yiliga 1-1.2 million tonna paxta tolasi yetishtiradi.

O‘tgan yilgi yarmarka chog‘ida esa, shundan 650 ming tonnasi chetga sotishga oid shartnomalar imzolangani aytiladi.

Bangladesh, Eron, Xitoy, Janubiy Koreya, Moldova, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Rossiya, Turkiya va Yaponiya o‘zbek paxtasining asosiy xaridorlari hisoblanishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston Bosh vaziri ilk bor bunday tashabbus bilan chiqayotgani yo‘q.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 2015 yilga borib, O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi hajmini 70 foizgacha yetkazish rejasida ekanliklarini bayon qilgandi.

O‘zbek hukumatining ushbu bayonoti jahon bozorida paxtaning narxi bu yaqin o‘n yillar badalida kuzatilmagan bir darajaga yetgan paytda yangragandi.

O‘zbekiston dunyoning eng yirik paxta yetishtiruvchi davlatlaridan biri sanaladi. Paxta eksport qilish bo‘yicha esa, jahonda yuqori uchlikka kiradi.

Iqtisodi qishloq xo‘jaligiga asoslangan O‘zbekistonning asosiy valyuta tushumi paxta oldi-sotdisidan keladi.

Mahalliy iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining so‘nggi bayonotlari ortida paxtadan yanada ko‘proq daromad olish istagi yotadi.

Chunki tayyor mahsulot xom-ashyo shaklidagi paxta tolasidan ko‘ra bir necha bor qimmat turadi.

Ammo o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimovning aytishicha, mamlakatdagi iqtisodiy ahvolning og‘irligi, byudjet kamomadi va hukumat xarajatlarini moliyalash kabi muammolar o‘ta dolzarb bo‘lib turgan bir paytda bu tashabbusni amalga oshirish imkonsiz bo‘lishi mumkin.

Tahlilchi, o‘z o‘rnida, aksariyat to‘qimachilik korxonalarining bugungi ahvolini ham nazarda tutib, ko‘zda tutilayotgan miqdordagi paxta tolasini mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish salohiyati yo‘qligini ham urg‘ulaydi.

"Deylik, birgina katta miqdordagi paxta tolasini qayta ishlash qudratiga ega bo‘lgan Toshkent To‘qimachilik kombinatini olsak, u ham bankrot bo‘lgan", deydi Jahongir Shosalimov.

O‘z navbatida xorijiy shirkatlar bilan tuzilgan to‘qimachilik korxonalarining ham kasodga uchragan hollari ko‘p bo‘lgan.

Ammo Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga qaralsa, o‘tgan besh yil ichida O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish qariyb uch barobarga ortgan.

Iqtisodiy tahlilchi O‘zbek hukumatining takroriy bayonotlari hozircha deyarli yaxshi tashabbusdan o‘zga narsa emasligi, ammo so‘z va ish birligi hamohanglikda amalga oshirilsa, yaxshi ish bo‘lishini aytadi.

Tahlilchining e‘tirof etishicha, agar ushbu reja to‘liq amalga oshadigan bo‘lsa, bu - tayyor to‘qimachilik mahsulotlaridan olinadigan yuqori daromad evaziga paxta yetishtirishni kamaytirib, uning o‘rniga boshqa muqobil ekinlarni ekish, eng muhimi, ishlab chiqaruvchilar manfaatdorligining oshishiga sabab bo‘ladi.

Majburiy bolalar mehnati sabab, so‘nggi yillarda qator yirik xorijiy shirkatlar O‘zbekiston paxtasini boykot qilishgandi.