BBC mehmoni - jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov

Image caption Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oz sonli inson huquqlari faollaridan biridir

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov bbcuzbek.como‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob beradi.

Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy sohalaridagi kamchiliklar, inson huquqlarining buzilishi hollari yuzasidan mustaqil kuzatuvlar olib borayotgan kam sonli huquqbonlardan biridir.

Unga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Abdurahmon Tashanov 1976 yilning 9-mayida Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan.

1984-1993 yillarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida o‘rta umumiy ta‘lim olgan.

1994-1998 yillarda Qozog‘istondagi Xalqaro Ekologiya Gumanitar Akademiyasi jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Jurnalistik faoliyatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiyot targ‘iboti markazidan boshlagan.

1998 yildan "Hurriyat" mustaqil gazetasida muxbir, ma‘sul kotib lavozimlarida ishlagan.

2001 yildan "Mohiyat" gazetasida ma‘sul kotib, 2004 yildan O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining "XXI asr" gazetasida adabiy kotib lavozimida ishlagan.

2004 yildan "Harakat" internet nashri muxbiri va O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati Markaziy boshqaruvi a‘zosi.

Mahalliy matbuotda ko‘plab maqolalari, feleton va jurnalistik tadqiqotlari chop qilingan.

Qator xorijiy ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda inson huquqlarining buzilish hollari yuzasidan oshkora chiqishlari bilan tanilgan.

Oilali, ikki nafar o‘g‘li bor.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.