Сўнгги янгиланиш 21 октябр 2011 - 11:54 GMT

"Markaziy Osiyoga safari chog‘i Klinton inson haqlari vaziyatiga diqqat qaratishi kerak"

Klinton xonim O‘zbekistonda "inson huquqlari ahvoli o‘nglanayotgani va ko‘proq siyosiy erkinliklar berilayotgani nishonasi" borligini aytgandi

Human Rights Watchga ko‘ra, Vashington O‘zbekistonning strategik hamkor mavqei inson huquqlariga oid qabul qilib bo‘lmas voqe‘likni buzib ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson Klinton xonimning safari Toshkentga inson huquqlarini poymol qilish hollariga zudlik bilan chek qo‘yishi kerakligini urug‘lash uchun muhim imkoniyat ekanini aytadi.

O‘tgan sentyabr oyi AQSh Senati qo‘mitasi O‘zbekistonga harbiy yordamni taqiqlovchi inson huquqlari bilan bog‘liq 2004 yil joriy etilgan cheklovlarini bekor qilishni ma‘qullagan.

Buning ortidan, Amerika Davlat kotibasi Klinton O‘zbekistonda "inson huquqlari ahvoli o‘nglanayotgani va ko‘proq siyosiy erkinliklar berilayotgani nishonasi" borligini aytgandi.

O‘shandan beri Amerikaning oliymartabali rasmiysi ilk bor Toshkentga safar qilmoqda.

Qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Human Rights Watchning aytishicha, Klinton xonim O‘zbekistonga noto‘g‘ri hibsga olingan huquq faollarini qo‘yib yuborish, fuqaroviy jamiyatlar erkin faoliyat yuritishiga izn berish, hibsxonalardagi qiynoq hollariga chek qo‘yish va bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatish talablarini qo‘yishi kerak.

Ruhlantiruvchi hodisa

Hillari Klintonning safari oldidan 14 oktyabr kuni inson huquqlari faoli Norboy Xoljigitov qamoqdan ozod qilingan.

O‘zbekiston Inson huquqlari Jamiyatining Ishtixon tumani bo‘limi raisi Norboy Xoljigitov 2005 yili tovlamachilik, konstitutsion tuzumga tahdid va prezident joniga suiqasd qilishga urinish ayblovlari bilan hibsga olinib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Ammo, Human Rights Watchga ko‘ra, Xoljigitovning qo‘yib yuborilishi ruhlantiruvchi hodisa va agar AQSh o‘zgarishlar yuzasidan bosim o‘tkazsa, natijalarga erishishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Inson huquqlari tashkiloti: "O‘zbekiston hukumati noto‘g‘ri ayblovlar bilan qamoqda ushlab turibdi", deya yana 12 faolni tilga oladi.

Ular orasida Solijon Abdurahmonov, A‘zam Farmonov, Nozim Isoqov, G‘aybullo Jalilov va Dilmurod Saidov kabi huquq faollari bor.

Shu bilan birga Human Rights Watch boshqa ko‘plab jurnalistlar va siyosiy faollar faqatgina o‘z qonuniy huquqlaridan foydalanib, zimmalaridagi vazifalarini bajarganlari tufayli hozir qamoqxonalarda qolayotganlarini urg‘ulaydi.

Bolalar mehnati

Kuni kecha qator tashkilotlar ham Markaziy Osiyoga safari davomida O‘zbekistondagi paxta dalalarida bolalarni majburiy mehnatga jalb etish borasida ochiq gapirishni so‘rab, AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton nomiga ochiq xat yo‘llashgan.

Maktubga Amerika kasaba uyushmalari, mehnat va inson huquqlari guruhlari, sarmoyadorlar, qator kiyim-kechak shirkatlarini taqdim etuvchi 20dan ortiq tashkilot imzo chekkan.

Xat mualliflari Prezident Islom Karimov bilan muzokaralar chog‘i Xalqaro Mehnat Tashkiloti O‘zbekistonga borishiga va paxta dalalaridagi ahvolni o‘rganishiga izn berish masalasini ko‘tarishni so‘rashgan.

O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanmayotganini isbotlash yuzasidan tobora ko‘proq xalqaro bosim ostida qolmoqda.

Bundan oldin oltmishdan ortiq xalqaro shirkatlar bolalar qo‘li bilan terilgan o‘zbek paxtasini bilib turib, ishlatmaslik haqidagi va‘dani imzolashgandi.

Ular orasida "Adidas" dan torib, H&M gacha dunyoga dong‘i ketgan shirkatlar bor.

Ammo, o‘zbekistonlik faollar mamlakat paxta dalalarida bolalarning majburiy mehnati bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan yillardagidan ham yomonlashganini aytishgan.

Joylarda 8 yashar bolalargacha ayanchli sharoitlarda noqonuniy mehnatga majburlanayotgani xabar qilingandi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.