O‘zbek gazining "tagi ko‘rinib qoldimi" yo xalq haqida g‘amxo‘rlik?

Фото муаллифлик ҳуқуқи PA
Image caption O‘zbekistonda "qish qattiq kelgan" oldingi yillarda ham qishga bunday tayyorgarlik kuzatilmagan

O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalari bu yil qishda tabiiy gaz bo‘lmasligi haqida ogohlantirilmoqdalar, ko‘mir g‘amlash maslahati berilmoqda.

Buning sababi nimada bo‘lishi mumkin?

Rasmiylarga ko‘ra, bu O‘zbekiston prezidentining kuzgi-kishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan qarorining ijrosidir.

Biroq kuzatuvchilar "qish qattiq kelgan" oldingi yillarda ham bunday keng miqyosdagi tayyorgarlik kuzatilmaganiga e‘tibor qaratadilar.

Uzmetronom mustaqil Internet ro‘znomasining jo‘n hisob-kitobi bo‘yicha, Toshkent viloyatida 500 dan ortiq tashkilot va muassasa, jumladan non zavodlari markaziy gaz tizimidan uzib qo‘yilishi natijasida 25 ming kishi ishsiz qolishi mumkin.

Bundan oldin Andijon aholisi bu yilgi qishga ko‘mir g‘amlab qo‘yishlari lozimligi haqida ogohlantirilganlar, bugun Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatida istiqomat qiladigan kishilar ham o‘zlariga qishda gaz bo‘lmasligini aytishganini ma‘lum qilishmoqda.

Uzmetronom O‘zbekiston gazi mavzusida bundan oldin ham bir necha maqolalar e‘lon qilgan, Internet-sayt bosh muharriri Sergey Yejkov aytishicha, bunday chora ko‘rilayotganining asl sababi tabiiy gazning qog‘ozlarda boru, amalda yo‘qligidadir.

"Aftidan, boshqaruvdagi neprofessionalizm va korruptsiya O‘zbekistonning neft va gaz sohasining talab qilinganidek rivojlanishiga to‘siq bo‘layapti. O‘zbekistonning gaz zahirasi kamayib qolgani yo‘q. Men yuqorida tilga olgan muammolar alal-oqibat yiliga qazib olinadigan gaz kamayishiga olib kelgan", deydi jurnalist Sergey Yejkov.

O‘zbekistonning neft va gaz zahiralari va bir yil mobaynida qazib olingan tabiiy boyliklar haqidagi rasmiy statistik ma‘lumotlar oshkor etilmaydi, O‘zbekistonning 4-5 trillion kubometr gaz zahirasi borligi, yiliga 60-70 milliard kubometr gaz qazib olinayotgani aytiladi.

O‘zbekiston qo‘shnilari Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiyaga avvaldan gaz sotib kelgan, yaqindan esa Xitoyga ham gaz yetkazib berish bitimini imzolagan, hozir O‘zbekiston yiliga 10 milliard kubometr gazni chetga sotayapti, deb ko‘riladi.

Oddiy o‘zbekistonliklar esa shoirning 20 yil oldin chizgan manzarasi - "gazini tilloga sotib tezak yoqqan o‘zbekim" ahvoliga tushganlariga ancha bo‘lgan.

Neft-gaz sohasi mutaxassislariga ko‘ra, O‘zbekistonning gaz zahiralari Turkmanistonnikidan farqli yer sathiga yaqin emas, chuqur joylashgan va bir konda ko‘p hajmda tabiiy gaz to‘planmagan.

Bunday konlardan gaz qazib chiqarish esa qimmat texnologiyalarni talab etadi.

O‘zbekistonning gazi yaqin yillarda tugab qolishi haqida bundan 10 yilcha oldin xabarlar paydo bo‘lgan.

Ushbu xabarlarda asos bo‘lgan-bo‘lmagan taqdirda ham bugun O‘zbekistonning gazga boy qo‘shnisi Turkmanistondan gaz sotib olishni boshlashi maqsadga muvofiq, degan fikrlar bildirilmoqda.

Ana shu fikrga O‘zbekistonning neft va gaz sohasiga qator yillar yetakchilik qilgan iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov ham qo‘shiladi.

"O‘zbekiston o‘zi yirik gaz konlariga ega bo‘lgan va gazni eksport qiladigan mamlakat bo‘lishi bilan birga yirik gaz sotib oladigan xavridorga aylanishi kerak. Ana o‘shanda kelajak istiqbol yaxshi bo‘ladi. Biz nihoyatda ko‘p gaz zahirasiga ega mamlakat bo‘lgan Turkmaniston bilan qo‘shnimiz. Turkmaniston gaz konlaridan boshlangan gaz quvurlari O‘zbekistonni kesib o‘tadi. Mana hozir Turkmaniston bu quvur orqali Xitoyga gaz uzatishni boshladi. Biz Turkmaniston gazining xaridoriga aylanishimiz kerak", deydi iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov.

O‘zbek rasmiylarining bu yilgi qishki mavsumiga tayyorgarligi ortida "Arab bahori" ta‘sirini ko‘rayotganlar ham bor.

Boisi, oldingi yillarda qishning ayoz kunlarida gaz va elektrsiz qolish aholi noroziligiga olib kelgan.