O‘zbekistondagi Internet foydalanuvchilari: o‘g‘il bolaga qiz bola, qiz bolaga o‘g‘il bola kerak

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption O‘zbekistondagi Internet foydalanuvchilarining aksari tanishuv saytlariga kirishadi

O‘zbekiston matbuoti xabar tarqatishicha, mamlakatdagi asosiy Internet aloqasi ta‘minotchisi "O‘zbektelekom" shirkati narxlarni yana bir bor tushirgan.

Aytilishicha, bu "O‘zbektelekom" tomonidan shu yilning o‘zida oltinchi bor narxlarning tushirilishi va shu kecha-kunduzga kelib 2011 yil boshiga solishtirganda deyarli yarmiga arzonlagan.

Endi 1 Mbit/s uchun haq 573 AQSh dollari etib belgilangan.

Lekin Internet xizmati O‘zbekistonda "O‘zbektelekom"dan haqiqiy foydalnuvchiga yetib borguncha qator boshqa vositchilar orqali o‘tadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Internetga ulanish xizmatini ko‘rsatadigan tashkilotlar soni 900 dan oshgan.

Shu yilning 1 oktyabrida O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilarning soni 7 million 900 ming kishiga yetgani xabar qilingan.

BBC O‘zbekistonda Internet xizmatining arzonlashishi oddiy Internet foydalanuvchilarini ko‘paytiradimi, degan savol bilan jurnalist va inson haqlari tashkilotining veb-sayti muharriri Bahodir Eliboyevga murojaat qildi.

Bahodir Eliboyevning fikricha, mamlakatda Internet foydalanuvchilari soni bu xizmat arzonlashsa-arzonlashmasa ham ko‘payaveradi.

"Chunki O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilar asosan yoshlardir. Ularning yoshi 15 dan 35 yoshgacha deyish mumkin. O‘zbekiston ham rivojlanayapti, dunyoga ochilayapti. Kimdir chet elda tahsil olishni istaydi, kimdir Amerikaning "Grin kardi"ga qiziqadi. Shuning uchun ham bundan keyin O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni oshib boraveradi", deydi jurnalist va inson haqlari faoli.

So‘z erkinligi xalqaro tashkilotlari O‘zbekistonda Internet sahifalariga to‘siq qo‘yilishini tanqid qilib keladilar.

Mamlakatda O‘zbek muxolifati veb-saytlari, mustaqil ommaviy axborot vositalarining Internet sahifalari ochilmaydi.

"O‘zbekistonda kishilar Internetdan qanday maqsadda foydalanadilar", degan savolga Farg‘ona viloyatida istiqomat qiladigan faol uch maqsadni tilga oladi.

"Ko‘pchilik uchun Internet yangi narsa. Ular zamon bilan hamqadam bo‘lish maqsadida Internetga kiradilar. Keyin tanishuv saytlariga kiradiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘g‘il bolaga qiz bola kerak, qiz bolaga o‘g‘il bola kerak. "Odnoklassniki.ru" portaliga kiradiganlar, "Mail.ru elektron pochtasidan foydalanishadi. Keyingisi, Internet telefon aloqasidan arzon bo‘lgani uchun odamlar chet eldagi yaqinlari bilan Internet orqali muloqot qilishadi", deydi Bahodir Eliboyev.