Jizzaxlik huquq faoli ustidan mahkama ishi boshlandi

Image caption Saida Qurbonova ustidan mahkama ishi uning matbuotdagi tanqidiy chiqishi bilan bog‘liq deyilmoqda.

Jizzax viloyatida huquq faoli Saida Qurbonova ustidan mahkama boshlandi.

Paxtakor tuman mahkamasi ko‘rib chiqayotgan ushbu ish Saida Qurbonova ustidan tuhmat qilganlikda shikoyat arizasiga asoslangan.

Mahalliy huquq himoyachilari Qurbonova ustidan ochilgan ushbu ish uning matbuotdagi chiqishlari bilan bog‘liqligini aytmoqdalar.

Aytilishicha, Saida Qurbonoa ustidan tuman tug‘ruqxonasida ishlovchi hamshira tuhmat qilganlikda ayblab, shikoyat qilgan.

Huquq faoliga Jinoyat kodeksining 139 moddasi, 2 chi bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tuhmat qilishlikda ayblarni nazarda tutuvchi ushbu band bo‘yicha eng kam ish haqining 50 barobarigacha jarimaga tortish, 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlariga jalb qilish yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkin.

Internetda chop etilgan maqolada Saida Qurbonova tuman tug‘ruqxonasidagi xodimlarning maoshlarining plastik kartochkaga o‘tkazilishi oqibatida qiyin ahvolda qolganlari haqida yozgandi.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevga ko‘ra, Saida Qurbonova ayni muammoni ko‘tarib chiqqanligi uchun mahkamaga tortilgan bo‘lishi mumkin.

"Internetda material chiqargan. Ushbu materialni tug‘ruqxonadagi suhbat asosida tayyorlagan. Chunki Saida Qurbonovaning kelini tug‘ruqxonaga tushgandan so‘ng u yerdagilar bilan borib suhbatlashgan. O‘zi guvohi bo‘lgan narsalarni tasvirlagan. Hamma muammolarni ko‘tarib, internetda maqola shaklida chiqargandi", - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Baxtiyor Hamroyevga ko‘ra tug‘ruqxona hamshirasiga huquq tartibot organlari tomonidan shikoyat yozgin, deya bosim bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Huquq himoyachisiga ko‘ra mahkama jarayoni qonunni qo‘pol ravishda buzish hollari bilan boshlangan.

"Hattoki sudning chaqiruv qog‘ozi yo‘q. Tergov jarayonidagi ayblov xulosasi yo‘q ham. Advokati yo‘q. Ushbu kamchiliklarni aytib, bu sudni tan olmayman, deb ayting, deya maslahat berdim", - deydi Baxtiyor Hamroyev.

2011 yilning yanvar oyidagi voqealar haqida yozilgan Saida Qurbonovaning "Plastik cho‘ntakka zarar bo‘layapti" maqolasi ustidan ko‘p o‘tmay tergov ishlari boshlangandi.

Saida Qurbonovaga ko‘ra, tergovchi huquq himoyachisining ustidan shikoyat yozgan hamshira bilan kelishuv ham tashkillashtirgan.

Saida Qurbonova da‘vogardan kechirim ham so‘ragan. Ammo tergov ishlari shunda ham to‘xtatilmagan.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda huquq faollari va mustaqil jurnalistlar ko‘pda turli vajlar bilan mahkamalarga tortilib, tazyiq ostiga olinishini tanqid qilib keladilar.