"Sobiq josus" O‘zbekistonga deportatsiya etilishi mumkinmi?

Image caption Ikrom Yoqubov soxta haydovchilik guvohnomasidan foydalanayotgan paytda qo‘lga olingan

Britaniyaning Daily Mail gazetasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Londondagi Kingston tumani jinoiy mahkamasi O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining "sobiq josusi" Ikrom Yoqubovni soxta haydovchilik guvohnomasidan foydalanishda aybdor deb topgan.

O‘tgan juma kuni chiqarilgan hukmga muvofiq, 30 yoshli Ikrom Yakubov 8 oylik shartli qamoq jazosiga hukm etilgan.

U shuningdek axloq tuzatish ishlariga mahkum etilgan.

Kingston tumani jinoiy mahkamasi hukmida ta‘kidlanishicha, Ikrom Yoqubov yo‘l harakati qoidasini buzganini e‘tirof etgan.

2008 yil sentyabrida Britaniyadan siyosiy boshpana so‘ragan Ikrom Yoqubov o‘zining O‘zbekiston Xavfsizlik Xizmatining sobiq zobiti ekanini da‘vo qilgan.

BBCning Newsnight dasturiga bergan intervyusida Ikrom Yoqubov begunoh insonlarga nisbatan jinoiy ishlarni soxtalashtirishga majbur bo‘lgani va insonlar qiynoqqa solinganlarining guvohi bo‘lganini da‘vo qilgan edi.

Daily Mail gazetasida ta‘kidlanishicha, Kingston tumani jinoiy mahkamasi Ikrom Yoqubovning haydovchilik guvohnomasini Portugaliyaga qilgan o‘ta maxfiy ish safari chog‘ida qonunan olganiga oid ko‘rsatmasini rad etgan.

Ikrom Yoqubov haydovchilik guvohnomasini O‘zbekiston Xavfsizlik Xizmati tomonidan Lissabonga yuborilishi ortidan, haydovchilik kurslarida ta‘lim olib, qo‘lga kiritganini aytgan.

Biroq uning mazkur ko‘rsatmasi Britaniya ichki va tashqi josuslik xizmatlari tomonidan tasdiqlanmagan.

Politsiya haydovchilik guvohnomaning gologrammasi va shriftlari noto‘g‘ri ekani aniqlagan.

Daily Mail chiqargan maqolada yozilishicha, O‘zbekistonda davlatga xiyonat qilishda hukm etilganini da‘vo qilgan Ikrom Yoqubov hakamga: "Bu men uchun hayot va mamot masalasi. Men bu mamlakatda toza nom bilan yashashni istayman," deb aytgan.

Mahkama xodimining aytishicha, qoralov tomoni Ikrom Yoqubovni Britaniyadan chiqarib yuborishni tavsiya qilgan, ammo ushbu masalada qaror olinmagan.