O‘zbekistonda viloyat hokimlarini televideniye orqali xalq bilan muloqotga chiqishga undayotgan omillar qanday?

O‘zbekistonda viloyat hokimlarining televideniye orqali xalq bilan muloqotga chiqish holatlari kuzatilmoqda.

5 noyabr kuni Jizzax viloyat hokimi Sayfiddin Umarov viloyat televideniyesi orqali 1.5 soat mobaynida telefon vositasida berilgan savollarga javob bergan.

Berilgan savollar asosan viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lib, gaz va elektr ta‘minotidagi uzilishlardan tortib, plastik kartochkalarni ishlatishda yuz tutilayotgan muammolarni o‘z ichiga olgan.

Birgina Jizzax shahrining o‘zidan viloyat hokimiga 40dan ortiq savol berilgan.

Bugun 8 noyabr kuni kechqurun esa Samarqand viloyati hokimining huddi shu kabi tele-muloqotining efirga uzatilishi kutilmoqda.

Buxoro va Qarshi shahridagi viloyat televideniyelari ham o‘z rejalarida viloyat hokimlari bilan muloqotlar kirtilganligini ma‘lum qilganlar.

Jizzax viloyat hokimi Sayfiddin Umarov aholidan kelgan eng dolzarb savollarga mas‘ullarni studiyaga yiqqan holda javob berishga harakat qilgan. Birgina Jizzax shahrining o‘zidan 40 dan ortiq savol tushgan.

Jizzaxlik huquq faoli Saida Qurbonova hokim bilan uyushtirilgan muloqotni boshdan oxirigacha ko‘rgan.

"Viloyat hokimiga shunaqa savol tushdi. "Biz oylik hisobiga olayotgan plastik kartochkamizga oziq ovqat mahsulotlarini 30 foiz qimmatiga sotib olayapmiz, bunga barham beriladimi", degan savol berildi. Viloyat hokimi "buni shaxsan o‘z nazoratimga olaman", dedi", - deydi Saida Qurbonova.

Hokim bilan muloqot 5 noyabr kuni efirga uzatilgan, shu vaqtgacha plastik kartadagi pulni naqdiga o‘tkazish va mahsulotlarni o‘z qiymatida sotib olish borasida biror chora tadbir kuzatilgancha yo‘q.

Ushbu muloqotni yozib olib efirga uzatgan shahar televideniyasi mas‘ul xodimining BBCga aytishicha, hokim studiyaga kelib tushgan barcha savollarga javob bergan.

"Muammolar hal bo‘lib boshladi. Misol uchun mahallalarda GRPlarni invertarizatsiyadan o‘tkazalib , xalqqa gazni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetib borishini ta‘minlash borasida ishlar qilindi. Bugungi kunda eng dolzarb narsa bu gaz, shu narsa hal bo‘ldi", - deydi shahar televideniyasi xodimi.

Viloyatda eng dolzarb bo‘lib turgan elektr energiyasi va gaz yetkazib berish bo‘yicha ham yuzaga kelgan muammolarni hokim yechishga va‘da bergan.

Jizzax shahrida yashovchi tadbirkor ayol 3 kundan beri chiroq va gaz o‘chib qolgani bois nevaralarini boshqa joyga jo‘natib, ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘layotganini aytadi.

"Gaz yo‘q, svet yo‘q, sovuq. Uch kundan beri na gaz bor va na svet bor. Hozir ishimiz to‘xtab qolgan. ", - deydi Jizzax shahrida qandolatchilik bilan shug‘ullanuvchi yakka tadbirkor.

Jizzaxliklar hozir noyabr oyining o‘rtalarida gaz ta‘minotining qishki rejimga o‘tishidan umid qilib o‘tirishibdi. Agar gaz ta‘minoti qishki rejimga o‘tsa yuqori bosim bilan keladi.

Ammo elektr energiyasining yaxshilanishi borasida umidlar yildan yilga so‘nib bormoqda.

" Elektriklar bilan gaplashsangiz, transformatorlar o‘ta eski, yangilarini sotib yuborishgan. Sotib, o‘rniga eskisini qo‘yib, hokimlar bo‘shab ketavergan. Yomg‘ir qor mayli, sal shamol tursa yuragim po‘kkilab turadi, hozir xamirim qolib ketadi, portlab ketadi, deb. Haqiqatdan ham transformator portlab ketadi", - deydi jizzaxlik tadbirkor ayol.

Jizzaxlik huquq faoli Baxtiyor Hamroyev viloyat hokimining aholi bilan ochiq muloqotini qo‘llab quvvatlaydi, ammo unga ko‘ra, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni hokim yecha olmaydi.

"Hokimning muloqotga chiqqanini qo‘llab quvvatlaymiz. Bu yaxshi narsa. Lekin hokim bu muammolarni yecha olmaydi", - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Bugun Samarqand viloyat hokimi ham mahalliy ikkita kanal orqali xalq bilan muloqot uyushtirishni rejalagan. Ushbu viloyatda ham gaz va elektr energiyasi ta‘minotidagi muammolar eng dolzarb masala bo‘lib turgani aytiladi.

Mahalliy hokimlarning xalq bilan bu yo‘lda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga chiqishlari O‘zbekistonda shu vaqtgacha kuzatilmgandi, endilikda bu qadamga borilayotgani ortida turgan sabablar nimada? Va aslida tashabbus qayerdan chiqqan?

Bu haqda BBC sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди