Samarqand viloyat hokimining TV muloqoti davrida chiroq o‘chib qolgan

Image caption Zoyir Mirzayev nima uchun aholi davlat idoralaridan norozi ekaniga tushunmasligini aytgan

Jizzax viloyat hokimining aholi bilan jonli televizion muloqoti ortidan, seshanba oqshomida Samarqand shahar hokimi Zoyir Mirzayev ham mahalliy televideniye orqali uyushtirilgan dasturda ishtirok etgan. Dastur bir necha kundirki televideniye orqali e‘lon etib kelinayotgandi.

Samarqandlik inson haqlari faoli Holiqnazar G‘aniyevning BBCga aytishicha, u ikki soatga mo‘ljallangan ko‘rsatuvning faqat birinchi qismini tomosha qila olgan xolos, chunki chiroq o‘chib qolgan.

"Ettidan to‘qqizgacha bo‘lishi aytilgandi. Soat roppa-rosa sakkizda svet o‘chdi", deydi faol.

Muloqot jonli bo‘lishi ko‘zlanganiga qaramay, telefon jiringlashi yoki sim qoqqan oddiy fuqarolarning ovozi eshitilmagan. "Tomoshabinlardan tushgan" savollar boshlovchi tomonidan o‘qib eshittirilgan.

O‘z kirish so‘zida janob Mirzayev aholining gaz va elektr ta‘minoti borasidagi savollariga javob berishga tayyor ekanini aytgan.

"To‘rtta telefon nomeri yozib qo‘yilgandi, uchtasiga men telefon qildim. Hammasi band edi. Bironta ham savol bergan kishining ovozi eshitilmadi", deydi Holiqnazar G‘aniyev.

O‘qib eshittirilgan savollar va shikoyatlar gaz va elektr ta‘minotining o‘ta abgorligi, va yillar osha berib-berilmay kelayotgan gaz va elektr quvvati uchun davlat majburan pul talab qilayotgani haqida bo‘lgan.

Hokim janoblari nima uchun aholi orasida gaz ta‘minoti idoralaridan norozilik borligiga tushunmasligini aytgan.

U odamlar har oyi tuman gaz idoralariga borib, kompьyuteridagi raqamlar bilan hisob-kitob qilish kerakligini urg‘ulagan.

Aholining o‘zi aybdor

Janob Mirzayev biron muammoni yechish bo‘yicha chora ko‘rishga ham va‘da bermagan. Uning chiqishi muammolarda oddiy aholini ayblashga asoslangan.

"Oddiy odamlar bu ko‘rsatuv hokimiyat tarafini yoqlash yo‘nalishida bo‘ldi degan gaplarni aytayapti", deydi samarqandlik faol.

Gaz va elektr ta‘minoti qish mavsumi arafasida butun O‘zbekiston bo‘ylab boshog‘riqqa aylanmoqda. Ba‘zi viloyatlarda ochiqchasiga aholiga gaz bo‘lmasligi e‘lon qilingan va ko‘miru o‘tinlarni jamlash tavsiya etilgan.

Holiqnazar G‘aniyevning aytishicha, samarqandliklar orasida ayni masalada mahalliy hokimiyatdan norozilik hissi juda kuchli va ular hokimning samimiyligiga ishonishmadi.

U avvalo aholining gaz va elektr bo‘yicha davlatdan qancha qarzi bor ekani haqida gapirgan.

"Mana bir oydirki chiroqni istagan payti o‘chiradi va istagan payti yoqadi, gazni nol desa ham bo‘ladi. Mana nevaralarim bilan uch metrga uch metrlik xonada isinib o‘tiribmiz", deydi samarqandlik faol.