"Mirziyoyev maqsadga erishish uchun hech narsadan qaytmaydigan odam"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty
Image caption Shavkat Mirziyoyev deyarli sakkiz yildan buyon O‘zbekiston bosh vaziri vazifasini bajarib keladi

"Uzmetronom" internet nashri O‘zbekiston parlamentining kelasi oy o‘tadigan qo‘shma majlisida hukumatga ishonchsizlik bildirish masalasi kun tartibiga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan.

Nashrning o‘z manbalariga tayanib bildirishicha, parlamentning qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi hokimiyat idoralari faoliyatini o‘rganish maqsadida viloyatlarga safar qilishmoqda.

Ularning hisoboti O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning iste‘fosiga sabab bo‘lishi mumkin.

BBC suhbatlashgan rasmiy siyosiy partiyalarning vakillari bu xabarni tasdiqlashgani ham, rad etganlari ham yo‘q.

BBC "Uzmetronom" nashri muharriri Sergey Yejkov bilan bog‘lanib, hukumatning iste‘fosi haqidagi taxminlar nimalarga asoslangan, deb so‘radi.

Sergey Yejkov: Yodingizda bo‘lsa, yozda parlamentning qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi va unda hukumatning faoliyati "qoniqarsiz" deb topildi. Bu hukumat yomon ishlayapti, degani. Bu, mening nazarimda, hukumatga bir ogohlantirish edi. Qishda, yil yakunlari sarhisob qilingan mahal, mening taxminimcha, hukumatning iste‘fosi masalasi kun tartibiga qo‘yiladi. Faqat bosh vazir emas, balki butun hukumatning. Ya‘ni almashtiriladigan bo‘lsa, butun hukumat almashtiriladi. Bu narsa qonunchilikda aniq-taniq ko‘rsatib qo‘yilgan, nima uchun amalda tadbiq etilmasin?

BBC: Axborot vositalari, jumladan, sizning nashringiz Mirziyoyevning iste‘fosini birinchi marta bashorat qilayotgani yo‘q. Ammo O‘zbekistondagi butun muammolarga qaramasdan, Mirziyoyev ham, undan kichikroq amaldorlar ham iste‘foga yuborilayotgani yo‘q. Qolaversa, janob Mirziyov Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘riladi...

Sergey Yejkov: Bu noto‘g‘ri. Men bilmayman, kim Mirziyoyevni merosxo‘r sifatida ko‘radi, ammo, mening nazarimda, bu noto‘g‘ri qarash. Uning uzoq vaqt hokimiyatda qolayotganining siri menimcha, mustahkam xo‘jalik ishlari boshqaruvchisi ekanida. Mirziyoyev maqsadga erishish uchun hech narsadan qaytmaydigan odam. Mamlakat rivojlanishining qaysidir bosqichida bu kabi boshqaruvni qabul qilish mumkindir. Ammo mamlakat ma‘muriy-buyruqbozlik tizimidan charchagan payt, bunday rahbarlardan qutulish kerak. Xuddi Sovet davridagi kabi. Yodingizda bo‘lsa, Sovet davrida qattiqqo‘l xo‘jalik rahbarlari o‘rniga savodli muhandislar kelishgan. Mening nazarimda, merosxo‘r butunlay yangi odam, yangicha yondashuv va qarashdagi odam bo‘lishi kerak. Agar Shavkat Miromonovich merosxo‘r bo‘ladigan bo‘lsa, unda hech narsa o‘zgarmaydi. Biz hozir qanday yo‘ldan borayotgan bo‘lsak, yana shu yo‘ldan ketaveramiz.

BBC: Ammo O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishni bosh vazir emas, balki prezident belgilaydi. Prezidentning o‘zi hozirgi yo‘lning to‘g‘ri emasligini anglab yetganmi?

Sergey Yejkov: Menimcha, prezident hatto biz bilmagan ko‘pgina narsalarni ham anglab yetgan...

BBC: Ammo O‘zbekistonda prezidentdan boshqa omma nazaridagi siyosatchilar yo‘q. Butunlay yangi odam keladi, deb umid qilishga asos bormi?

Sergey Yejkov: Bilmasam. Menimcha, O‘zbekiston hukumati, unga yaqin doiralarda yangicha fikrlaydigan, mamlakat iqtisodini hozirgi turg‘unlikdan olib chiqishga qodir insonlar bor.

BBC: Prezident Karimovning siyosiy merosxo‘rlikni ta‘minlash haqidagi nutqidan buyon roppa-rosa bir yil vaqt o‘tdi. Amalda hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘zgartirishning mexanizmi qaror topib ulgurdi, deb ishonasizmi?

Sergey Yejkov: Albatta. Bunday mexanizm avvaldan bor edi, oxirgi paytlarda to‘ldirildi, kengaytirildi. Prezident o‘z konsepsiyasida ilgari surgan tezislarning hammasi parlament tomonidan qonuniylashtirildi. Jumladan, hukumatga ishonchsizlik bildirish tartibi ham. Men o‘zbek xalqi inqilobiy o‘zgarishlarni istaydi, degan fikrlarga qo‘shilmayman. Odamlar hokimiyatning har qanday qadamiga moslashishga o‘rganishgan va ko‘pincha hokimiyatdan yordam kutib o‘tirmay, muammoni o‘z kuchlari bilan hal qilishga urinadilar.