Standard & Poor's O‘zbekiston banklarining kredit reytingini ko‘tardi

Image caption O‘tgan oy Moody's "Agrobank"ning kredit reytingini pasaytirishi mumkinligini aytgan edi

Uzdaily.uz nashrining xabar berishicha, Standard & Poor’s xalqaro kredit agentligi O‘zbekiston bank tizimining ishonchlilik darajasini bir pog‘onaga ko‘targan.

Agentlik mamlakatlar va sohalarga doir risklar bahosi bo‘yicha O‘zbekistonni 9-guruhdan 8-guruhga o‘tkazgan.

Iqtisodiy yangiliklarga ixtisoslashgan nashrning Standard & Poor’s dan iqtibos keltirishicha, agentlik O‘zbekistonning bank tizimini yangi uslub bo‘yicha baholagan.

Unga muvofiq, mamlakatlar bank tizimidagi risklarga ko‘ra, 1 dan 10 gacha bo‘lgan guruhlarga bo‘linadi.

1-guruh davlatlarda risk kam, 10-guruhda esa davlatlar iqtisodi va bank tizimi eng ko‘p risk ostida bo‘ladi.

Agentlikning izoh berishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlikning buzilish xavfi yuksak, iqtisodda muvozanat buzilishi xavfi o‘rtacha, kredit riski esa katta.

Agentlik ushbu guruhga O‘zbekiston bilan bir qatorda sobiq sho‘ro davlatlaridan Qozog‘iston, Gurjiston va Latviyani ham kiritgan.

Hukumat dastagi

Standard & Poor’s O‘zbekiston hukumatining bank tizimini dastaklash ehtimoli juda yuksak, deb hisoblaydi.

"Hukumat moliyaviy-iqtisodiy inqirozlar chog‘ida banklarga sezilarli dastak bergan", - deyiladi agentlik xabarida.

O‘tgan oy boshqa bir xalqaro kredit agentligi -Moody's O‘zbekistonning "Agrobank"i kredit reytingini pasaytirishi mumkinligini aytgan edi.

Bunga bankning o‘tgan yildagi moliyaviy amaliyotlariga doir hisobotning yo‘qligi va ayrim ma‘lumotlarning shaffof emasligi sabab bo‘lgan.

Shu yilning avgustida Moody's O‘zbekiston bank tizimining "barqaror" darajadagi reyting bahosini "qayta tasdiqlagani" xabar qilingandi.

O‘zbekiston hukumati bundan uch yil muqaddam dunyoni o‘z zabtiga olgan va hozirda qaytadan bo‘y ko‘rsata boshlagan jahondagi moliyaviy inqiroz mamlakatni chetlab o‘tganini aytib keladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, bunga O‘zbekistondagi islohotlar emas, balki qisman mamlakat bank tizimining xalqaro moliya bozoriga unchalik integratsiya bo‘lmagani sabab.

Seshanba kuni O‘zbekiston parlamenti qonunchilik palatasining byudjet qo‘mitasi bu yil mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi 8.4 foizni tashkil etishini aytgan.

Mustaqil tahlilchilar hukumatning iqtisodiy va boshqa sohalardagi rasmiy ko‘rsatkichlarini savol ostiga olishadi.

Ularga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbekistonliklar uylariga yuborgan mablag‘lar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolgan.