O‘zbekistonning qay bir mintaqasida elektr energiyasi bisyor?

Sinoptiklar bu yil Markaziy Osiyoda qish uzoq va sovuq kelishini taxmin qilmoqda.

Kecha O‘zbekistonning ayrim hududlariga ikkinchi qor yoqqan.

Energiya ta‘minotidagi taqchillik sabab oddiy odamlarning qiyinchiliklarga uchrayotgani aytilmoqda.

Ayrim tumanlarda mahalliy hokimiyat tomonidan odamlarga ko‘mak ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, ayrim joylarda aholining shikoyatlari befarq qoldirilmoqda.

BBC O‘zbekistonning turli mintaqalariga sim qoqib, odamlarning sovuq kunlarni qanday o‘tkazayotgani bilan qiziqdi.

Vaziyatni bilish uchun eng avvalo Jizzax viloyatiga qo‘ng‘iroq qildik.

5 noyabr kuni bo‘lgan tele-muloqotda viloyat hokimi energiya ta‘minoti bilan bog‘liq muammolarni tez orada yechishga va‘da bergandi.

Paxtakor tumanida yashovchi ismi o‘zgartirilgan Ismoil aka to‘rt kundan beri gaz yonayotganini aytadi.

"Gazimiz ro‘za boshlanmasdan avval o‘chgan edi. Kecha yaqinda yondi. Salkam to‘rt oy gaz bo‘lmadi. Endi kelib qoldi", - deydi Ismoil aka.

Gaz kelgan bo‘lsa-da, elektr energiyasi ta‘minotidagi uzilishlar hali ham davom etmoqda.

"Tok ham o‘ynayapti, rosa ko‘p o‘chayapti. Tokka ovqat pishirib, plita ishlatib o‘tirgandik. Uni ham rosa ko‘p o‘chirayapti, oqshom mahali va kunduz o‘chirib qo‘yishyapti", - deydi uy bekasi.

Gaz kelgan bo‘lsa ham bosim kuchli emas, shu sababdan quvurning so‘nggida joylashgan mahallalarga yetib bormayapti. U yerdagi odamlar sovuqdan ko‘rpaning ostiga kirib, jon saqlashayotgani aytiladi.

"Noiloj, endi qaytsin. Ko‘rpaning tagiga kirib o‘tiribdi. Bir marta qor yog‘di. Qorning sovug‘i bo‘ldi. Bu sovuqlarda noiloj chidadik, ko‘rpalarga o‘ranib oldik. Uylar sovib ketaverdi, uydan ko‘cha yaxshi bo‘lib qoldi", deydi Ismoil aka.

Tuman hokimiyatidan odamlarning sharoitini so‘rab hech kim qiziqmagan.

"Hokimiyatdan kelib xabar oladigan odamning o‘zi yo‘q. 4 oy gaz bo‘lmadi, birov kelib qanday yashayapsizlar deb so‘ramadi. Shikoyat qilib chiqqani bilan natija yo‘q. Remont qilayapti degan sababni aytishgan", - deydi Ismoil aka.

Jomboy tumaniga bundan bir xafta oldin qo‘ng‘iroq qilganimizda, elektr energiyasida juda ko‘p uzilishlar bo‘layotgani haqida aytishgandi. Biz bilan gaplashgan uy bekasi ahvol o‘nglanganini aytadi. "Xudoga shukur, hammasi yaxshi. Hozir chiroq yonib turibdi. Transformatordan bo‘lgan ekan, shuni sozlashdi. Butun viloyat bo‘yicha ta‘mirlash ishlari ketayotgan ekan. Hozir yaxshi bo‘lib qoldi", - deydi jomboylik ayol.

Uy bekasining ilova qilishicha, gaz ta‘minotida ham yaxshi o‘zgarishlar bo‘lgan, qishki mavsum kirishi bilan gazning bosimi ko‘tarilib qolgan.

Surxondaryoning Boysun tumanida ham viloyatning boshqa tumanlari kabi elektr ta‘minotida tez-tez uzilishlar bo‘lib turibdi.

Boysunlik suhbatdoshimizning aytishicha, ayniqsa, odamlar kechki ovqatga to‘planadigan vaqti soat 6 va 9 oralig‘ida muntazam chiroq o‘chmoqda.

"Kechqurun soat 6 atrofida o‘chdi 9 ga yaqin yondi. Deyarli 2,5 soat o‘chirib qo‘ydi. Har kuni shu ahvol", - deydi boysunlik suhbatdosh.

Boshqa vaqtlari ham shahar ichida 2 soatlab elektr energiyasini uzish hollari ko‘p bo‘ladi. Qishloq joylarda sutkasiga faqat 4-5 soat tok bo‘lishini aytadi suhbatdoshimiz.

Gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar sabab ko‘mirning bahosi 2 barobar ko‘tarilib ketgan. Muhim jihati - boysunliklar o‘zlarining tashabbusi va kuchi bilan ko‘mir konlaridan ko‘mir qazib olishmoqda.

"Ba‘zan shaxtalardan nolegal ravishda qazib olib kelishadi. Qazib olib kelingan ko‘mirning bir qopi 15 ming so‘mga chiqib ketgan. Ilgari 5-6 mingga olgan bo‘lsa, hozir 2 barobar qimmat bo‘lib ketdi. Davlat shaxtasidan ko‘mir olish yo‘q. Odamlarning o‘zlari xususiy tarzda qazib olib kelib nolegal sotishadi. Shaxtada ishlaydigan yigitlar eshaklarda olib kelib bozorda sotishadi", - deydi boysunlik suhbatdoshimiz.

Qo‘qon shahrida ham elektr ta‘minotida har kuni uzilishlar bo‘lmoqda. Shu kunlarda shaharga gaz berilgan, ammo bosim pastligidan ovqat pishirishgagina yetarli bo‘lmoqda.

Uylarni istitish uchun imkoni borlar o‘tin bilan yonadigan pechka qurmoqda. Ammo ko‘p qavatli uylarda yashovchilar qiyin ahvolga tushib qolgan.

Shahar hokimiyatining topshirig‘i bilan davlat muassasalarida ishlovchi xodimlar uyma-uy yurib, odamlarning sharoitini o‘rganmoqda va tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Qo‘qonlik ismi o‘zgartirilgan shifokor Odina opa o‘ziga tegishli uchastkada ana shunday tushuntirish ishlarini olib boradi.

"Dom"da rosa qiyinchilik bo‘layapti. Mana o‘zim uchastka vrachi bo‘lib ishlayman, ko‘miringiz bormi, qanday qilib isitayapsiz, deb so‘rab ko‘chama-ko‘cha yuribmiz. Odamlarning hammasi xafa, nimaga yo‘q, deb so‘rashayapti. Kep qolar, hozir sharoit shunaqa deb tushuntirish ishlari olib borayapmiz", - deydi Odina opa.

Shahar hokimiyati tomonidan o‘z uchastkasiga yuborilgan shifokor Anora opaning aytishicha, hokimiyat tomonidan kam ta‘minlangan oilalarga arzon bahoda ko‘mir sotilmoqda.

"Bizga yordamga muhtojlarga ko‘mir bor deyishgandi. Bugun uchinchi mahallada ko‘mir tarqatayotgan ekan, borib olaveringlar dedik. Bitta qopi 3 ming, bir tonnasi 71 ming so‘mdan ekan. Bozorda tonnasi 300 ming so‘m ekan. Kegin o‘tinlar bepul berilayapti", - deydi Anora opa.

Bolalar shifokori bo‘lmish Odina opaga ko‘ra, ko‘p qavatli uyda yashovchi yosh bolali oilalar boshqa joyga ketishga majbur bo‘lmoqda. Uylarning sovuqligi sabab bolalarda xastaliklar soni ko‘paygan.

"Uylarning holatini ko‘rayapman. Sharoiti yo‘qlar onasinikiga yoki qarindosh-urug‘inikiga ketayapti. Uyda qolganlari pech yasab o‘tirishibdi. Yosh bolalar o‘rtasida zotiljamga chalinish kuchaydi. Shifoxonalarga yotqizish ko‘payib qoldi", - deydi Odina opa.