Tergov davri zo‘rlanganini da‘vo qilgan qiz ishi yopiqligicha qolmoqda

Image caption Rayhon Soatova tergov davridagi zo‘rlanishi ortidan homilador bo‘lgani va farzand ko‘rganini aytsada, analizlar biron natija bermadi

O‘zbekistonda prokuratura hibsxonasida zo‘rlangani iddao qilingan mahbus Rayhon Soatova Toshkent viloyatidagi Zangiota tuman ayollar qamoqxonasidan Jizzax shahridagi manzil koloniyasiga o‘tkazilgan.

Manzil koloniyalarida mahbuslar qo‘riqchilar emas, faqat koloniya ma‘muriyati nazorati ostida bo‘ladilar. Ular koloniya ichida mustaqil tarzda, hamda ma‘muriyat ruxsati bilan koloniya tashqarisida ham harakat qilishlari mumkin.

O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi bo‘lgan Rayhon Soatova ikki yil muqaddam bosqinchilikda ayblanib, yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Biroq, u tergov paytida 12 militsiya xodimi tomonidan zo‘rlanganini da‘vo qilishi ortidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshiruv o‘tkazilgani, ammo mazkur da‘vo tasdiqlanmaganini aytgan.

Rayhon Soatova so‘ngra qamoqxonada farzand ko‘rgan.

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi "Ezgulik" jamiyati Rayhon Soatova ishi yuzasidan ekspertiza o‘tkazish va jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qilgan tashkilotlardan biridir.

Jamiyat Rayhon Soatovaning qamoqdan manzil koloniyasiga o‘tkazilishini ijobiy hodisa sifatida e‘tirof etgan.

Ammo, "Ezgulik" jamiyati so‘zchisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Rayhon Soatovaning jinsiy zo‘rlanishi da‘vosiga bog‘liq vaziyat hali ham natijasiz qolmoqda.

"BMT maxsus ma‘ruzachisi talablaridan keyin ko‘plab shaxslardan DNK analizlari olindi, lekin shunga qaramay, jinoyat ishi oxiriga yetmasdan yopildi. Sababi shuki, bu huquqni muhofaza qilish organlarining boshiga kelib tushadigan kaltakning oldini oldi. Agar u tergov paytida zo‘rlangani isbotlanadigan bo‘lsa, O‘zbekiston hukumati xalqaro doiralarda "bizda qiynoqlar yo‘q, sistematik zo‘rlash yo‘q" degan mavqeini asoslab berolmagan bo‘lardi", deydi janob Tashanov.

Uning aytishicha, o‘z jamiyati kichik bo‘lishiga qaramay, ayol mahbuslarga yoki tergov ostida bo‘lgan ayollarga nisbatan jinsiy tajovuz borasida o‘nlab shikoyatlar olgan.

"Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, jinsiy tajovuzlar qurboni bo‘lib, tuqqan ayollar ismlarini o‘z chiqishlarimizda keltirganmiz. Jinsiy zo‘rlash bilan tergov davrida qo‘rqitilib, iqrornoma olingan hollarni ham keltirganmiz. Masalan, Qashqadaryo, Xorazm, Surxonaryoda sodir bo‘lgan ishlar bor".

"Ezgulik" jamiyatiga ko‘ra, shu davrgacha qilingan murojaatnomalarga huquq organlaridan biron javob bo‘lmagani va yo tekshiruvlar o‘tkazilmaganini O‘zbekiston hukumat idoralari tarafidan mazkur muammoga jiddiy yondoshuv yo‘qligidan darak beradi.