O‘zbekistondagi qish mavsumida yuzaga keladigan energetika taqchilligi nimaga bog‘liq?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Samarqand viloyatida energiya taqchilligi bu yil jiddiy muammoga aylangani aytilmoqda.

Oldinlari qishloqlardagi aholi qishda ayni muammodan aziyat chekkan bo‘lsa, bu mavsumda shahar tipidagi tumanlarda yashovchilar ham qiyin sharoitda qolganlari xabar qilinadi.

Ammo, shaharlardagi uy-joylarning gaz bilan isitishga mo‘ljallab qurilgani boshqa energiyadan foydalanishda muammolar tug‘dirmoqda.

Samarqand tumanida yashovchi huquq faoli Ravshan Sodiqov yuzaga kelgan vaziyatni shunday ta‘riflaydi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistonda gaz taqchiligi borasida so‘z ketarkan, ayrim sharhlovchilar mamlakat gazini eksport qilib, daromad ko‘rayotganini aytishadi.

Energetika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis britaniyalik ekspert Jon Robertsning fikricha, O‘zbekiston yetarlicha yirik gaz zahiralariga ega, hozirgi butun muammo gaz sektoriga yetarli sarmoyalar yotqizilmayotgani va boshqarish uslubiga borib taqaladi.

Biz undan O‘zbekistonda qish mavsumida yuzaga kelgan vaziyat yoqilg‘i taqchilligiga bog‘liqmi yoki moliyaviy yetishmovchilikka, deb so‘radik:

Jon Roberts: O‘zbekiston uchun gaz xorijiy almashuvlarda daromad keltiradigan muhim xom ashyo. Shu bois, mamlakatda gaz yetishmovchiliklari paydo bo‘layotganiga qaramay, hukumat o‘z gaz eksportlarini kamaytirishni xohlamaydi. Men O‘zbekistonda gaz zahiralari kamayib borayotganiga ishonmayman. U yerdagi muammo gaz sektoriga sarmoyalar jalb etishi bilan yangi energiya manbalarini rivojlantirish kerakligida. Aks holda, O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilayotgan gaz hajmini ko‘paytirishi mumkin. Ba‘zi o‘zbek mulozimlarining aytishlaricha, ular hozirda eksport qilinayotgan gaz hajmini kelasi 6 yoki 7 yil mobaynida ikki barobar ko‘paytirishlariga imkoniyatlar mavjud. Nazarimda, toki ular juda yirik sarmoyalarni yetqizmagunlaricha, bunday bashortalarga erishish juda qiyin.

BBC: Yaqinda chiqqan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga gazini sotayotgani sabab, Qozog‘iston janubiga gaz ta‘minoti kamaygan va Olma ota shahri hokimiga ko‘ra, butun shahar tabiiy gazga bog‘liq bo‘lgan non zavodlari ishlamasa, nonsiz qolishi mumkin. Nima uchun Qozog‘iston janubi o‘zbek gaziga shu qadar qaram?

Jon Roberts: Bu quvurlarining ma‘lum vaqt ichida qancha gaz hajmini uzata olishi imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Lekin, O‘zbekiston uchun sharqqa mo‘ljalangan gaz kvotalarini nima asosda qabul qilgani borasidagi savol ochiq qolmoqda. Qozog‘iston janubidagi gaz tanqisligi qozoq iqtisodining juda shiddatli surat bilan rivojlanib kelishiga bog‘liq. Chunki rivojlanayotgan iqtisod ko‘proq energiya zahiralarini iste‘mol qiladi. Qozog‘iston o‘z ichki tarmog‘ini rivojlantirishni bitirsa, ya‘ni mamlakat sharqidan Chimkentga olib boruvchi quvurni bir ikki yil ichida qurib bitkazmasa, Chimkent bilan Olma ota hududlarida doimiy gaz uzilishlari kuzatilishi aniq. Gaz quvuri bitkazilsa, unda Qozog‘iston o‘z ichki ehtiyojlarini qoplab olishga qodir bo‘ladi va bundan ortgan uncha-muncha gazni Xitoyga ham jo‘natishi mumkin bo‘ladi.

BBC: Qozog‘istonga gaz eksporti cheklanadigan bo‘lsa, O‘zbekiston ham o‘z ichki ehtiyojlarini qondirishga qodir bo‘ladi, o‘ylamaysizmi?

Jon Roberts: O‘zbekiston hozirning o‘zida ham o‘z ehtiyojlarini qodirishga qodir. Mamlakatga gaz eksportlari olib keladigan xorijiy valyuta kerak. Muammo gaz zahiralarining boshqaruvida. Energiya sohasi, jumladan, gaz sektori qanday rivojlangani ham katta ta‘sir qilmoqda. O‘zbekistonda yirik imkoniyatlar bor, boshqarish uslubini rivojlantirish kerak, ular o‘z iqtisodini biroz bo‘lsa-da, tashqi dunyoga ochishlari va xorijiy sarmoyalarni faolroq jalb etishlari kerak.

BBC: Ikki yil oldin turkman gazini O‘zbekiston xududi bo‘ylab Xitoyga olib boruvchi gaz quvurlari tantanalar bilan ochildi. Bu loyihaning mintaqaga ta‘siri qanday bo‘lgan?

Jon Roberts: Boshida quvurlarning gaz o‘tkazish hajmi Turkmaniston zahiralaridan 30 milliard kubometr va qolgan 30 milliard - Qozog‘iston va O‘zbekistondan bo‘lishi belgilangandi. Qozog‘iston keyin o‘z siyosatini o‘zgartirib, qozoq gazi ichki ehtiyojlarini qoplashi kerakligini aytib, bitimdan chiqib ketgan. Ular hozirda gaz ekporti bilan bog‘liq yangi loyihani rivojlantirishga o‘ta muhtoj emaslar. O‘zbekistonda esa, ahvol boshqacha. Yigirma yil oldin O‘zbekiston mintaqada sanoati eng rivojlangan yirik mamlakat edi. Hozirda esa, ko‘rinib turibdiki, qo‘shni Qozog‘iston va Turkmaniston energetika zahiralari esportidan juda katta daromad olmoqdalar. O‘zbekiston yoqilg‘i tabiiy zahiralari eksporti bozoriga juda kechikib kelgan va o‘zbek rasmiylari bundan daromad olish uchun gaz sohasini rivojlantirishiga ko‘proq sarmoya yotqizish kerakligini juda kech anglab olishgan. Ular o‘z kuchi bilan xorijiy shirkatlar ishtirokisiz sohani takomillashtirishlariga ishonch kam. Hozirda o‘zbek gazi Xitoyga eksport qilinmaydi. Shuning uchun, mamalkatda xaqiqatdan ham gaz yetishmovchiligi ro‘y berayaptimi yoki gaz tarmoqining boshqaruvi gaz tanqisligiga olib kelganmi, degan savol esa, ochiq qolmoqda.