"O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan britan shirkatlari uchun konvertatsiya masalasi ko‘rib chiqildi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Doktor Xartli Butning aytishicha O‘zbekiston-Britaniya Savdo va Sanoat kengashining yillik anjumanida britan shirkatlari yuz tutayotgan konvertatsiya mkammolari ham ko‘rib chiqildi.

Londonda O‘zbekiston-Britaniya Savdo va Sanoat Kengashining yillik anjumani shu kunlarda o‘z nihoyasiga yetdi.

Anjumanda qatnashgan O‘zbekiston tomonidan hay‘atga Tashqi Iqtisodiy Aloqalar vaziri Galina Saidova rahbarlik qildi.

Britaniya elchixonasi ma‘lumotlariga binoan, bu yilgi anjumanda "ExxonMobil International", "British American Tobacco", "Rio Tinto" va "Tethys Petroleum" vakillari doxil 55 shirkat vakillari ishtirok etishgan.

Anjuman natijalari qanday bo‘lgani haqida BBC O‘bekiston-Britaniya Savdo va Sanoat Kengashining raisdoshi Doktor Nartli But bilan suhbatlashdi.

Xartli But: Ko‘rib chiqilgan masalalar O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi savdo aloqlari jihatlari edi. Masalan uchrashuvlarda Qozog‘iston va boshqa davlatlarda soliq tizimini yaxshilash sohasida ish olib borgan soliq tizimi mutaxassisi ham qatnashib, O‘zbekistonda ham bu borada maslahatlar berishi mumkinligini bildirdi. O‘zbekistonga sarmoya yotqizish ilinjida bo‘lgan shirkatlar takliflari tinglandi. Britaniya tomonidan O‘zbekistonda faoliyat olib borgan shirkatlar hisobotlari va O‘zbekiston tomonidan hamkorlik takliflari ko‘rib chiqildi.

BBC: O‘zbek tomon qilgan takliflar aynan qanday edi, misollar keltira olasizmi?

Xartli But: Masalan takliflardan biri O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish istagida bo‘lgan kamida ikki shirkat uchun, "Exxon Mobil" va "Tethys Petroleum Limited" uchun zaxirlarni o‘zlashtirishda ekslyuziv huquq berish taklifi ko‘rib chiqildi.

BBC: Biron aniq kelishuv yoda bitimlarga imzo chekildimi?

Xartli But: "Tethys Petroleum Limited" shirkati bilan O‘zbekistondagi faoliyatlarini kengaytirish borasida memorandum imzolandi. Bir qator muammoli masalalar yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilib, yechildi. Masalan konvertatsiya sohasida.

BBC: Konvertatsiya sohasidagi muammolar yechildi, deganda nimalarni nazarda tutmoqdasiz?

Xartli But: Ba‘zi shirkatlar bu sohada muammolarga yuz tutmoqda edilar. Ularning yillik hisobotlarida bu narsa yaqqol ko‘rsatilgandi, ya‘ni konvertatsiya jarayoni oqsayotgani haqida. O‘zbekistonda ba‘zida tartibli va tez ravishda konvertatsiyani amalga oshirishda muammolar borligi ma‘lum. Ana shu ma‘noda shirkatlar tomonidan bu jarayonni tezlashtirish, ya‘ni so‘mni biron xalqaro valyutaga, ko‘p hollarda amerika dollariga aylantirish borasida shikoyatlar kelib tushgandi.

BBC: O‘zbekistonga sarmoyalar jalb etish jarayoni u qadar ham faol emasligi aytiladi, boshqa tomondan Britaniya bilan savdo aloqalari ne qadar keng yo‘lga qo‘yilganligini haqida ham ko‘p narsa ma‘lum emas. Shu borada aniqroq tasavvur hosil qilish uchun ikki o‘rtadagi savdo va investitsiyalar hajmi borasida statistik ma‘lumotlarni bera olasizmi?

Xartli But: Bu borada aniq ma‘lumotlarni berish juda mushkul. Chunki turli manbalardan turli statistik ma‘lumotlar mavjud. Lekin bu ma‘lumotlarni o‘rtacha hisoblab turib, taxminiy aytadigan bo‘lsak, mening ishonishimcha, ikki o‘rtada 300 milliondan 500 million funt sterlingacha biznes hajmi mavjud. Lekin bu raqamga konchilik sohaisdagi shirkatlar ko‘rayotgan foyda kiritilmagan.

BBC: O‘zbekistonni ne qadar faol biznes hamkor, deb atagan bo‘lardingiz?

Xartli But: O‘zbekiston tomonida bu sohada istak va intilish bor. Ayniqsa O‘zbekistonda ilm-fan sohasida mutaxassislarni tayyorlash uchun qiziqish katta. Bu galgi uchrashuvlar mobaynida O‘zbekiston hay‘ati juda oshkor ravishda xom ashyolarni qazib chiqarib, sotishga emas ishlab chiqarishga e‘tibor qaratmoqchi ekanliklarini aytishdi. O‘zbekistonda shu vaqtgacha ham muayyan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, lekin konchilik sohasida ham ko‘proq yangi texnologiyalar qo‘llanishi va olingan xom ashyolarni mamlakatning o‘zida qayta ishlanishi tarafdori ekanliklari bayon qilishdi.

BBC: O‘zbekiston tomonida g‘arb bilan biznes yuritish istagi bor deyapsiz, lekin "Oxus Gold" kabi shirkatlarning u yerda yuz tutgan muammolari hammaga ma‘lum, siz bu kabi masalalarni uchrashuv mobaynida ko‘tardingizmi?

Xartli But: "Oxus Gold" masalasi hozirda xalqaro arbitrajda ko‘rib chiqilmoqda. Shuning uchun men bu borada ochiqchasiga biron narsa ayta olmayman. Lekin albatta bu masala ko‘rib chiqilayotgan masalalardan biridir.

BBC: Qanday bo‘lmasin "Oxus Gold" ishi O‘zbekiston g‘arb shirkatlari bilan ish yuritishga u qadar ham tayyor emsligi belgisi emasmi?

Xartli But: Yo‘q, ular kengroq biznes yuritishga juda ishtiyoqmandlar. Shuning uchun Londonga anchayin yuqori lavozimli 13 kishilik a‘zodan iborat hay‘at ataylab keldi. Ana shu asosda istak juda katta, deb ayta olamiz. Shuni avvalroq aytib o‘tishim kerak ediki, bizning tomondan taklif qilinayotgan asosiy narsalardan biri ta‘lim-tarbiya sohasidagi loyihalardir. Bu doirada O‘Zbekistonda Kembridj Universiteti professorlari yordami bilan tashkil etilishi nazarda tutilgan texno-park uchun mas‘ul bo‘lgan shaxs ham uchrashuvlarda qatnashdi.

BBC: Lekin ta‘lim-tarbiya sohasi biznes doirasiga kiradimi?

Xartli But: Ha, bu sohadagi loyihalar biznes shakli sifatida ko‘riladi. Britaniya tomonidan bu loyihalar ta‘lim sohasining mahsuloti sifatida ham ko‘riladi.

BBC: O‘zbekiston bilan biznes yuritish jarayonida Kengashning Britaniyalik a‘zolari tomonidan inson huquqlari va demokratik islohotlar kabi muhim masalalar ham ko‘tarildimi?

Xartli But: Bu yerda ikki jihatni aytib o‘tish kerak. Birinchidan, bu masalalar Londondagi uchrashuvlar mobaynida ko‘tarilmadi. Lekin lozim ko‘rilgan vaqtda shaxsiy muloqotlar darajasida bu haqda gapirildi. Ikkinchidan, huddi shu kunlarda Britaniyaga senator Sodiq Safoyev rahbarligi ostida yana bir O‘zbekiston hay‘ati tashrif buyurmoqda. Ana shu hay‘at bilan muloqotlarda demokratik islohotlar masalasi ko‘rib chiqiladi.