Qirg‘iz qishlog‘i aholisi o‘zbek anklaviga boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ydi

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Qirg‘iziston janubidagi Botken viloyati Botken tumanining Soy qishlog‘i aholisi O‘zbekistonning So‘x anklaviga boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Soyliklar o‘zbek chegarachilarini ularning qishlog‘iga boruvchi yuk mashinalarilarni So‘x hududi orqali o‘tishga izn bermayotganlikda ayblashgan.

Ular So‘x anklavi orqali tranzit qatnovini izga solish, qo‘shni O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan qo‘shimcha nazorat punktlarini olib tashlash va chegara borasida bahsli masalalarni zudlik bilan hal etishni talab qilishgan.

1999-2000 yil yoz oylarida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining Botken va So‘xga sizib kirishi ortidan O‘zbekiston So‘x va unga qo‘shni Shohimardon anklavi bo‘ylab o‘tgan chegaralarini minalagan edi.

2004 yilda O‘zbekiston Qurolli kuchlari chegarani minalardan to‘liq tozalaganini ma‘lum qilgan.

So‘x O‘zbekistonning Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan uch anklavdan biridir.

Hududi 352 kvadrat kilometrdan iborat bo‘lgan ushbu tuman 135 kilometr aylanasiga Qirg‘iziston bilan o‘rab olingan.

Qariyb 60 ming aholiga ega ushbu tumandagi 19 aholi maskanida asosan tojik millatiga mansub O‘zbekiston fuqarolari yashashadi.

Aholi sonining tez sur‘atlarda ko‘payayotgani, suv taqchilligi, qirg‘iz chegarachilari tomonidan yettita tekshirish nuqtasining o‘rnatilgani, korruptsiya va milliy kelishmovchiliklarning mavjudligi So‘x anklavi muammolarini yanada chigallashtirgan.

BBC asli so‘xlik jurnalist Mirasror Ahrorov bilan bog‘lanib, anklav aholisi yuz tutayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.

Mirasror Ahrorov So‘x anklavi aholisi O‘zbekistonning boshqa mintaqalariga borib-kelishda muntazam qiyinchiliklarga duch kelishini aytadi.