"Britaniya Afg‘onistondagi qo‘shinlarini Termiz orqali olib chiqadi"

Image caption Termiz Afg‘onistonga bostirib kirgan sovet qo‘shinlarining ham jo‘nash va qaytish nuqtasi bo‘lgan edi

Britaniya matbuotining xabar berishicha, britan qo‘mondonlari Afg‘onistondagi qo‘shin va harbiy texnikani Termiz orqali olib chiqish rejasini tuzishmoqda.

Britan qo‘shinlari Afg‘onistondan 2014 yilda olib chiqilishi kerak.

Ro‘znomaning yozishicha, millionlab dollarga teng harbiy texnika-tanklar, BTRlar, yuk mashinalari, artilleriya, vaqtinchalik baraklar, harbiy shifoxona, vertolet va boshqalarni Britaniyaga qaytarib olib kelish harbiylarning jiddiy bosh og‘rig‘iga aylangan.

Moliyaviy va iqtisodiy inqiroz sabab byudjeti keskin qisqargan Britaniya Mudofaa vazirligi kelayotgan uch yil mobaynida Afg‘onistondan qo‘shinlar va texnikani olib chiqishning eng arzon yo‘lini qidirmoqda.

Hozirda muhokama qilinayotgan qo‘shinlar va harbiy texnikani quruqlikdan olib chiqish rejasiga muvofiq, yuklar Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahrida 170 vagondan iborat poyezd sostaviga ortilib, avval Termizga olib kelinadi.

U yerdan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina hududi orqali Ovro‘poga olib kelinadi.

Dayli Mail ning taxmin qilishicha, yo‘l bo‘yi harbiy texnikani Britaniya va rossiya maxsus kuchlari qo‘riqlab boradilar.

Yuk Britaniyaga yetib borgunicha bir oy vaqt ketishi aytiladi.

Mozori Sharifni Termiz bilan bog‘lovchi yo‘l shu yil boshida o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar tomonidan qurib bitkazilgan.

Osiyo Taraqiyot Banki tomonidan moliyalangan temiryo‘lning uzunligi 70 kilometrni tashkil etadi.

1989 yilda sovet qo‘shinlari aynan shu yo‘l orqali olib chiqilgandi.

Britaniyaga qarashli harbiy texnikaning asosiy qismi Afg‘oniston janubidagi Helmand viloyatidadir.

Muzokaralar

Afg‘onistondan qo‘shinlar va harbiy texnikani olib chiqish amaliyoti Britaniya tarixidagi eng yirik naqliyot amaliyoti bo‘lishi kutilmoqda.

Dayli Mail ro‘znomasidagi maqolaga ko‘ra, Britaniya harbiylari hozirda Toshkent va Moskvada ayni masala yuzasidan muzokaralarni boshlab yuborishgan.

O‘tgan hafta Britaniya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining muovini, aviatsiya vitse-marshali Grexem Hovard Toshkentda o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan.

Janob Hovardga Toshkentga safarida yana ikki nafar yuqori martabali qo‘mondonlar, shuningdek, naqliyot mutaxassislari hamrohlik qilishgan.

O‘zbekiston Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev bilan muzokaralarning asosiy mavzusi Afg‘oniston bo‘lgan.

Muzokaralar tafsilotlari ma‘lum emas.

Britaniya tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Lauri Bristou bu borada "xalqaro hamkorlar bilan muloqot olib borayotganlari va bu muloqotlarning tafsilotlarini muhokama etmasliklari"ni aytgan.