Toshkentda yangi ochilgan media markaz so‘z erkinligiga ta‘sir qiladimi?

Image caption Yangi studiyalar eng zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan

Toshkentda 40 million dollarlik yangi media markaz ishga tushirilgan. O‘zbekiston davlat teleradiokompaniyasi qoshidagi markaz yuqori aniqlikdagi yoki HD formatdagi dasturlar, hujjatli film va seriallarni yozishga mo‘ljallangan.

Mazkur loyiha prezidentning farmoni bilan davlat byudjetidan amalga oshirilgan.

Televideniye rahbariyati bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, 1997 yildan buyon qariyb 122 yarim million yevrolik texnik jihozlar sotib olingan.

Markazda 1000 kvadrat metr maydonga ega ikki katta studiya, va 600 kvadrat metrga ega kichikroq studiyalar mavjud.

Shu tariqa O‘zbekiston MDH hududida HD formatdagi telekanalni ishga tushirgan birinchi davlat bo‘lmoqda.

BBC bilan suhbatda O‘zbekiston radiosining siyosiy sharhlovchisi Narzulla Oxunjonovning aytishicha, bu kabi markazning yaratilishi "ommaviy axborot vositalari va shu jabhada faoliyat yuritayotgan jamiki xodimlar uchun kundan kunga sharoitlar, imkoniyatlar, qulayliklar yanada kengayotganidan dalolatdir".

Biroq, yangi format O‘zbekiston televideniyesi tayyorlaydigan ko‘rsatuvlarning mazmun va mohiyatiga yoki televideniyedagi so‘z erkinligiga ham ta‘sir ko‘rsatadimi?

Janob Oxunjonov bu faqat kadrlar masalasi, xususan rahbariyat o‘zgarganidan keyin yuz berishi mumkin deydi.

"2005 yilgacha xodimlar bizda yayrab ishlagan. Ijodiy erkinlik g‘oyaviy jihatdan yo‘naltira olish va maqsad sari to‘g‘ri yo‘ldan borishda oqsash bor", deydi u.

Jurnalist bu markazda migratsiya, ishsizlik, odam savdosi kabi masalalarga bog‘liq tanqidiy dasturlash tayyorlash mumkinligini aytadi.

Chegara Bilmas Muxbirlarning may oyida chop qilgan oxirgi yillik hisobotida O‘zbekiston erkin matbuot dushmanlari sirasiga kiritilgan.

Hisobotga ko‘ra, 20 yildirki hukmronlik qilayotgan Prezident Islom Karimov repressiya va paranoya muhitini ushlab turibdi.

"Jurnalistlar uchun mustaqil xabar tarqatish qimmatga tushishi mumkin, ular terrorizm va ekstremizm yoki boshqa soxta ayblovlar bilan mahkamaga tortiladilar. Hozirda kamida 11 jurnalist panjara ortida o‘tiribdi.

Davlat matbuotida janob Karimovni mamlakatdagi "yutuqlar" uchun mas‘ul deb ko‘ruvchi maqolalarning soni ko‘p.

Ijtimoiy va iqtisodiy muammolar muhokamasiga toqat qilinmaydi.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди