Ravshan Ermatov: "To‘rt marta Osiyoda eng zo‘r bo‘lishning o‘ziga yarasha yuki ham bor"

O‘zbekistonlik dongdor hakam Ravshan Ermatovning BBC bilan suhbatida aytishicha, ketma-ket to‘rt bor "Osiyoning eng zo‘r hakami" bo‘lish kishiga ulkan mas‘uliyat yuklaydi.

"Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bildirgan bu kabi oliy ishonch, o‘z navbatida, zimmangizga katta mas‘uliyat ham yuklaydi. Chunki hammaning e‘tibori sizda bo‘ladi. Barcha sizdan faqat va faqat eng oliy darajadagi hakamlikni kutadi. Shuning uchun ham buning o‘ziga yarasha "yuki" bo‘ladi", deydi u.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi shu yilning 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yillik taqdimot marosimida Ravshanni yana bir bor "Osiyoning eng qoyilmaqom hakami", deb e‘lon qilgandi.

U qit‘aning eng zo‘r hakamligi uchun bellashuvda yaponiyalik Yuichi Nishimura va saudiya arabistonilik Xalil al-Gamdiylarni dog‘da qoldirib ketgan.

Ravshan bu yil ham Osiyoda o‘tgan eng muhim bellashuvlarga hakamlik qilgan.

So‘nggi Osiyo Kubogi va klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionlar ligasining final uchrashuvlarini boshqarib, yana bir bor o‘zining qoyilmaqom hakamlik mahoratini namoyon etgandi.

"Men 2008 yilda ilk bor "Osiyoning eng zo‘r hakami", deb topilgan paytda qanday hayajonlangan, qanchalik xursand bo‘lgan bo‘lsam, bu gal ham xuddi shunchalik hayajonlandim, xursand bo‘ldim", deydi Ravshan:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Ravshan o‘z hakamlik faoliyati davomida erishgan olamshumul yutuqlari bilan Osiyo futboli tarixiga kirgan.

Shu yil boshida o‘zbekistonlik dongdor hakam Xalqaro Futbol Tarixi va Statistikasi Uyushmasi tomonidan dunyodagi ikkita zo‘r hakamdan bittasi deb ham topilgandi.

Halicha na-da sobiq Sho‘ro davlatlari va na-da o‘zbekistonlik hakamlardan birortasi bu kabi maqomga loyiq deb topilmagan.

Ravshan Ermatov Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Jahon chempionatida ham eng zo‘r hakamlardan biri deb ko‘rilgandi.

2010 yilgi Jahon chempionatining ilk uchrashuvini ochib berish bilan Ravshan tanimaganga ham o‘zini tanitgan, bir birinchilikning o‘zida besh bellashuvga hakamlik qilish bilan esa, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgan.

Ravshan maydondagi "o‘z o‘rni" bilan dunyoning manaman degan futbolchilari, mutaxassislari va murabbiylarining hurmatlarini qozongan.

Kimga ishqibozlik qilishlaridan qat‘inazar, o‘zining xolis va professional faoliyati bilan esa, dunyodagi har qanday "mukkasidan ketgan" futbol ishqibozining ham ko‘nglini topa olgan.