Сўнгги янгиланиш 1 декабр 2011 - 14:19 GMT

Transparency International: O‘zbekiston eng korruptsiyalashgan 5 davlat orasida

Transparency International korruptsiya indeksini 1995 yildan buyon nashr etib keladi

Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston idoriy fasod (korruptsiya) eng kuchli bo‘lgan dunyoning besh davlati orasida.

Tashkilot e‘lon qilgan dunyo davlatlari korruptsiya darajasining 2011 yilgi ko‘rsatkichlari ana shunday natijani ko‘rsatgan.

Transparency International yangi hisobotida O‘zbekiston 1,6 ball to‘plab, dunyoning 182 mamlakati orasida 177-o‘rinni egallagan.

O‘zbekistondagi idoriy fasod darajasi qo‘shni Turkmaniston bilan bir xil va Afg‘oniston, Birma, Shimoliy Koreya va Somalidan sal yaxshiroq.

Transparency International tashkilotining ko‘rsatkichi u yoki bu mamlakat haqida biznesmenlar hamda mamlakatdagi vaziyatni yaxshi biladigan ekspertlar bergan baholariga tayanadi.

Mamlakatdagi ahvolga qarab 10 ballik shkala bo‘yicha baho beriladi.

"2011 yilda shaffoflikka tomon intilish alomatlari ko‘zga tashlandi, zero butun dunyo mamlakatlari yashovchilari o‘z mamlakatlaridan hisobot talab qilishadi. Yuqori ballga ega mamlakatlar ko‘rsatkichlari shaffoflik sari yo‘nalgan say-harakatlar davom etayotganini namoyon etadi, bunday say-harakatlar muvaffaqiyat keltirishi va aholiga foyda keltirishi mumkin", - deb aytgan Transparency International idoriy direktori Kobus de Svardt.

Eng yuqori ball 2011 yilda Yangi Zelandiyaga berilgan, u 9,5 ball to‘plagan.

Transparency International 2010 yilda jahondagi 178 mamlakat ro‘yxatini e‘lon qilgan, bu yil esa ushbu ro‘yxatga 182 mamlakat kiritilgan.

Avvalgi yilda O‘zbekiston 172-o‘rinni egallagan, bu yil mamlakat joyining 178-o‘ringa ko‘tarilgani idoraviy fasodga qarshi vaziyat yanada yomonlashganini ko‘rsatadi.

Xalqaro tashkilot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston juda korruptsiyalashgan mamlakat, ammo respublika rahbariyati bu illat oldini olish yohud unga qarshi kurashish uchun hech narsa qilmayapti.

O‘zbekistonning ichkarisidagi vaziyatni yaxshi biladiganlar idoraviy fasod mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin yanada avj olganini qayd etadilar.

Aholisi 30 millionga yaqinlashgan mamlakatda ishga yaroqli insonlarning ko‘pchiligi mehnat muhojirligini oilasini boqishning yagona yo‘li sifatida tanlab, xorijga chiqib ketishga majburlar.

Ishsizlik bilan birga korruptsiyaning rivojlangani O‘zbekistondagi qashshoqlikning asosiy sabablaridan biridir.

O‘zbekistonda huquqni muhofaza qilish organlari (sud, prokuratura va militsiya) va davlat boshqaruvi idoralari eng korruptsiyalashgan tizimlar hisoblanadi.

Mamlakatning davlat nazoratidagi matbuotida oliy o‘quv yurtlariga kirishning adolatli test usuliga o‘tilgani haqidagi targ‘ibotga qaramasdan, har yili yozda qaysi o‘quv yurtiga "qancha berib kirish mumkinligi"ni odamlar yaxshi bilishadi.

Sobiq Sho‘ro davatlari ahvoli

Sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari orasida Estoniya korruptsiya darajasi bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Ushbu Boltiq bo‘yi mamlakati 6.4 ball to‘plab, 29-o‘rinni egallagan.

Estoniya ortidan ro‘yxatga sobiq Sovet Ittifoqi respublikalaridan Litva (50-o‘rin), Latviya (61-o‘rin), Gurjiston (64-o‘rin) kiritilgan.

Rossiyada idoriy fasod hamon yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakat korruptsiya darajasi bo‘yicha 143 o‘rinni egallagan, deyiladi Transparency International hisobotida.

Rossiyaning ro‘yxatdagi qo‘shnilari Ozarbayjon, Belorussiya, Komora orollari, Mavritaniya, Nigeriya, Sharqiy Timor, Togo i Ugandadir.

Markaziy Osiyo respublikalari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Qozog‘istonga qayd etilgan. Mintaqaning iqtisodi eng rivojlangan mamlakati ro‘yxatda 120-o‘rinni egallagan.

O‘zbekistonga qo‘shni Tojikiston esa 152-o‘ringa qo‘yilgan. Tojikiston Ukraina bilan bilan bir xil ko‘rsatkichga ega.

O‘tgan yili yozida hukumat almashinuvi va qonli etnik nizolarga sahna bo‘lgan Qirg‘iziston esa 164-o‘rinni egallagan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.