Muxolifatga aloqador ko‘rilib, Andijonda so‘roqqa tutilgan ayol "o‘z joniga qasd qildi"

O‘zbekiston Xalq Harakati tarqatgan xabarga ko‘ra, muxolifatga aloqadorlikda gumon qilinib oxirgi bir necha hafta mobaynida so‘roqqa tutilgan Gulsumoy Abdujalilova "o‘z joniga qasd qildi".

Yaqinlarining aytishlaricha, Gulsumoy Abdujalilva shu yil noyabr oyi boshlarida Olmoniyadagi tahsil jarayonidan tanaffus olib, Andijonga qaytganidan beri mutassil ravishda so‘roqqa chaqirilib, qiynoqqa tutilgan.

O‘limidan avval Gulsumoy Abdujalilova yaqin dugonalaridan biriga maktub yo‘llab, undan so‘roq mobaynida muxolifat a‘zolariga qarshi jinoiy ishlarga qo‘l urish talab qilinganligini bildirgan.

Maktub yo‘llangan dugonasining BBC bilan suhbatda aytishicha, Gulsumoy Abdujalilova undan O‘zbekiston muxolifati rahbarlaridan Muhammad Solihga qarshi suiqasd uyushtirish talab qilishganligini aytgan.

Dugonasining aytishicha, bir necha hafta mobaynida mutassil so‘roqqa tutilgan payti Gulsumoy Abdujalilova qiynoqqa tutilgan va kaltaklangan.

Gulsumoyning oyoq va qo‘llarida kaltak izlari bo‘lgan, oxirgi so‘rovdan qaytgan kuni ichki organlari qattiq og‘riyotganidan shikoyat qilgan.

Uning dugonasiga maktubida yozishicha, oxirgi marotaba so‘roqqa chaqirilganidan so‘ng tergovchilarning talablarini qoniqtirishini aytib, chiqib kelgan va uyga kelganidan so‘ng birovning joniga qasd qilgandan ko‘ra o‘z joniga qasd qilishni afzal bilgan.

Shuningdek Gulsumoy Abdujalilovaning maktubda yozishicha, tergovchilarning talablariga rozi bo‘lmasa uning oila a‘zlari, keksa onasi bilan qolgan oila a‘zolarini ham tazyiqqa olish bilan po‘pisa qilganlar.

Yaqinlarining bildirishlaricha Gulsumoy Abdujalilovaning muxolifat harakatlari bilan aloqasi bo‘lmagan.

O‘zbekiston Xalq Harakati uning o‘limi yuzasidan ta‘ziya izhor etgan.

BBC ushbu hodisa yuzasidan rasmiy idoralar, xususan Gulsumoy Abdujalilovani so‘roqqa chaqirgani aytilgan Andijon viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasining munosabatini olishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining matbuot kotibi Olimjon To‘raqulov BBCning O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligida ro‘yxatdan o‘tmaganligi vajidan bu borada ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

O‘zbekiston Inson Huquqlari Xalqaro Jamiyati va O‘zbekiston Inson Huquqlari Alьyansi Gulsumoy Abdujalilovaning o‘limiga sababbo‘lgan omillar yuzasidan zudlik bilan tekshiruv o‘tkazilishiga da‘vat qildilar.

Ushbu ikki tashkilot chiqargan bayonotda aytilishicha, qator xalqaro tashkilotlar da‘vatlari, shuningdek, O‘zbekiston imzo chekkan xalqaro bitimlarga qaramay mamlakatda hibsga olinganlar va mahbuslarga nisbatan noqonuniy amallar va qiynoqlar hanuz keng ravishda qo‘llanmoqda.