Elektr yo‘qligi sabab chiroqchiliklar Qashqadaryo hokimi o‘zgarganidan bexabar qolganlar

Image caption Chiroqchiliklar 2-3 kunda 1 soat elektr uzatilayapti, deyishadi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi gaz va elektr ta‘minotidan norozi aholi vakillari mahalliy hokimiyatni 15 dekabr kuni norozilik namoyishiga chiqishlari haqida ogohlantirganlar.

Norasmiy O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati tomonidan tarqatilgan xabarda mahalliy hokimiyat sun‘iy ravishda aholi noroziligini keltirib chiqarayotganlikda ayblanadi.

Hozirgi qish-qirovli kunlarda gaz umuman berilmayotgani, elektr energiyasi esa bir necha kunda sanoqli berilayotganidan norozilik izhor etilgan nomani Chiroqchi tumanidagi 20 ta qishloq oqsoqollari, xalq deputatlari tuman kengashi a‘zosi imzolaganini xabar qilganlar inson huquqlarini himoya qilish jamiyati faollari.

Jamiyat faoli Nurali Ko‘lobovning aytishicha, oxirgi paytda 2-3 kunda atigi 1 soat aholiga elektr energiyasi berilayapti, odamlar buning sababini so‘rab Chiroqchi elektr ta‘minoti idorasiga murojaat qilganlar.

Tumandagi ham elektr ta‘minoti va ham tabiiy gaz ta‘minotiga mas‘ul idoralar rahbarlari o‘zlariga "Qarshidan elektr berilmayotgani"ni aytishgan.

Bunday ahvol butun tuman hududida kuzatilayapti, qaysidir oilaning tug‘ruqxonaga ishi tushadigan bo‘lsa, "roddomga dvijok bilan, o‘zingizning shamingiz bilan" borishingizga to‘g‘ri kelayapti, deydi Nurali Ko‘lobov.

Qashqadaryo viloyati hokimi o‘zgarishidan bir kun oldin Qarshiga "Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev kelgan emish" degan mish-mish tarqaldi, o‘shanda 1,5 sutka tokni uzishmadi", deydi chiroqchilik faol.

"Bizning xabarimiz yo‘q, televizor ko‘ra olmaymiz. Ikki-uch kundan keyin Qashqadaryo viloyati hokimi o‘zgarganini eshitdik", deydi Nurali Ko‘lobov.

Chiroqchilik faollarning aytishlaricha, ular o‘z arzlarini O‘zbekiston prezidenti nomiga telegramma orqali yetkazganlar, shuningdek, o‘z noroziliklarini O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi, Milliy Xavfsizlik xizmati, "O‘zbekenergo" shirkati, Qashqadaryo viloyati hokimligi mas‘ullariga bildirganlar.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди