Markaziy Osiyo temir yo‘llari bo‘ylab sayohat

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Men ilk bor Toshkentga 2001 yil oktyabrda borgandim. "O‘zbekiston" tezyurar poyezdi Moskvadagi Qozon stantsiyasidan yarim tunga yaqin qo‘zg‘oldi.

Kupeda Toshkentga otasini ko‘rishga ketayotgan o‘rta yoshlardagi rossiyalik kishi, Namangandagi uyiga qaytayotgan ukrainalik onaxon hamda uzun charm etik kiygan keksa tatar otaxon bilan birga edik. Otaxon Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahriga ketardi. U Xo‘jandni sho‘rochasiga "Leninobod" deb atardi.

Keta-ketish suhbatimiz siyosat va sayohat haqida bo‘ldi. Bir-birimiz uchun vagon oxiridagi samovardan poyezdda berilgan oq va ko‘k rangli choynakchada choy damladik. "Babushka"mizning xaltasidan chiqqan tuzlangan "salo" - cho‘chqa yog‘ini bo‘lishdik.

Uning dasturxonni to‘g‘irlab, axlatlarni tozalab keyin ko‘ngli joyiga tushib, xo‘rsinib qo‘ygani va Rossiyada haqiqiy mehmondo‘stlik yo‘qolganiyu, hozir uni faqatgina Markaziy Osiyodan topish mumkinligi haqida tinmay so‘zlagani hamon xotiramda. U Markaziy Osiyoga borib qolganida bor-yo‘g‘i 20 yoshda bo‘lgan ekan.

Biz ikki kechadan so‘ng, Qozog‘iston chegarasidan o‘tdik. Ertalab tursam, Aqtubedan o‘tib borardik, qator tizilgan simyog‘ochlar va yastanib yotgan bepoyon kulrang-yashil rangli cho‘li-biyobonlar bir-biriga ulanardi...

Elektr simli liniya tugab, poyezdimizni endi ikkita katta qoraygan lokomotiv torta boshladi. To‘xtagan paytimiz, qo‘llarida go‘sht va kartoshkalar solingan og‘ir qozonlarni ko‘tarib olgan ayollar bir qator bo‘lib tizilib turishardi. Biz Surxandaryoga yaqinlashgandik.

Orol dengiziga yaqin joyda esa, qaynatilgan qisqichbaqalarni ko‘tarib olgan o‘smir bolalar qo‘shildilar. Qisqichbaqalar kupelarda iste‘mol qilinayotgan "vodka" uchun zo‘r gazak edi. Xayriyatki, bizning kupeda ichilmadi.

Janubga yurganimiz sari aholi uylari siyraklasha bordi. Onda - sonda qozoqlarning qabristonlari ko‘rinib qolardi: sariq g‘ishtlar va zanglagan temir gumbazlar...Bir to‘da qo‘yni oldiga solib ketayotgan otliq va nihoyat ilk ikki o‘rkachli tuyalar paydo bo‘la boshladi...

Safarimizning ikkinchi kunidan boshlab, men stantsiyalarni payqay boshladim. Har safar sakkizburchakli yetib borishimizdan ma‘lum muddat oldin qayerga kelayotganimiz e‘lon qilinardi.

Stantsiyadagi sariq g‘ishtdan tiklangan binolarga ranglar bilan va temirdan naqshlar solingandi. Keyinroq men g‘ishtlarni Markaziy Osiyoda "Nikolayevskiy" deb atalishini bilib oldim. Bu Rusiyaning oxirgi podshosi nomidan olingandi.

Ayrim joylar, masalan, Turkistonda bu stantsiyalar nihoyatda bejirim qilib qayta ishlangandi. Ba‘zi joylari nurab qolgan esa-da, ko‘p qismi juda yaxshi saqlangandi. Aksar joylarda esa, temir yo‘l qurib bitkazilgan 1906 yildan beri juda oz o‘zgarish qilingan.

Sal keyinroq, janub tomon eski Trans-Kaspiy yo‘lning janubiga tomon yurarkansiz, 1881-1898 yillarda Krasnovodsk, Samarqand va Toshkent o‘rtasida qurilgan kichik stantsiyalar Sho‘rolar davrida yirik beton binolar bilan almashtirilgandi.

Cho‘l hududlardagi stantsiyalarda esa, xuddi vaqt to‘xtab qolgandek edi. Ularning atrofida shaharchalar qad ko‘tarmagan. Sug‘orish va bug‘ bilan yuradigan lokomotivlarga yoqilg‘i quyish nuqtalari allaqachonlar yo‘q bo‘lib ketgandi.

Orenburg-Toshkent va yo Trans-Orol temir yo‘l liniyasi cho‘llar bo‘ylab qurilgan ilk yo‘nalish bo‘lgan. Maqsad bir paytlar karvonlar o‘tgan yo‘llarni birgina po‘lat rels bilan almashtirish bo‘lgan.

Bu qozoqlarga zamonaviy sanoatni tanishtirish bilan birga olisdagi Turkiston gubernatorligini Rossiya bilan mustahkamroq bog‘lash, zarur bo‘lganda (masalan, 1916 yilda qo‘zg‘olon bo‘lgandi) qo‘shinlarni Markaziy Osiyoga tez yo‘llash, shuningdek, Moskvaning to‘qimachilik korxonalariga paxta xomashyosini yetkazishga ham xizmat qilgandi.

Sho‘rolar davrida TurkSib - Turkiston - Sibir, ya‘ni Toshkentni Olma ota va Novosibirsk bilan bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi qaysidir ma‘noda oqsagan esa-da, 1926-1931 yillarda qurib bitkaziladi. Aslida bu Rusiya podsholigi loyihasi bo‘lib, bir qismi 1917 yilda barpo etilgan, keyin ish to‘xtab qolgandi.

Temir yo‘llar Sovetcha zamonaviylik ramzi edi.

Aqmo‘la, ya‘ni Ostonaga 50 yillargacha temir yo‘li kelmagan. Ammo, temir yo‘l tarmog‘i Xrushchevning "Qo‘riq yerlar"i loyihasi asosiga aylanarkan, 1998 yilga kelib, Ostona Qozog‘iston yangi poytaxti bo‘lishga loyiq deyish uchun zamin tashlangandi.

Trans-Orol temir yo‘l tarmog‘i Markaziy Osiyo davlatlarining barchasini Moskvaga bog‘lovchi asosiy shohyo‘ligicha qolgan. Va hozirda ham o‘sha bitta maqsadga xizmat qiladi.

Xuddi shu temir yo‘l bo‘ylab sayohatimda hamrohim o‘zbek tijratchisi bo‘ldi. U turfa xil - yangi va quritilgan mevalar ortilgan vagonlarni Rossiya bozorlariga jo‘natishi, O‘zbekistondagi oilasi hamda Orenburgda o‘ynashi haqida faxr bilan ko‘pirib gapirardi.

Minglab axlat tozalayotgan, qurilishlarda ishlayotgan, hatto platskard vagonga chipta olishga qurbi yetmaydigan o‘zbek, tojik va qirg‘iz mehnat muhojirlari bilan solishtirganda hamrohimning misli ko‘rilmagan darajada omadi chopgandi.

Orenburg-Toshkent temir yo‘lida bo‘ylab sayohat va iqtisodiy hayot yuz yil oldin mohiyatan qanday bo‘lsa, shunday davom etmoqda: Markaziy Osiyo Rossiyaga mahkam bog‘langanicha qolgan, qisqa muddat tin olganidan so‘ng, SSSR parchalanganidan beri ikki o‘rtadagi aloqalar va bordi-keldi yanada kuchaygan.