O‘zbekistonlik qiynoq qurboni BMTga shikoyat qildi

O‘zbekiston hibsxonasida qiynoqqa solingani iddao qilingan Toshkentdagi Britaniya elchixonasining sobiq qo‘riqchisi Qayum Ortiqov BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga xususiy tartibda shikoyat bilan murojaat etgan.

Parijdagi "O‘tyuraklar klubi" inson huquqlari guruhi tarqatgan xabarda aytilishicha, Ortiqov o‘z shikoyatida O‘zbekiston hukumatini qiynoqlar qo‘llash va o‘z huquqlarini qo‘pol ravishda poymol etishda ayblaydi.

Jarayon.com saytida e‘lon qilingan shikoyat matnida qiynoq dalillari bilan birga qiynoqqa solishda ishtirok etgani aytilgan o‘zbek-huquq tartibot idoralari xodimlari va mahbuslarning ism-shariflari ham keltiriladi.

Qayum Ortiqov o‘zbek huquq-tartibot idoralarini qiynoq qo‘llashda ayblash bilan birga O‘zbekistondagi boshqa qiynoq qurbonlarini ham jim turmaslik va qiynoq hollarini fosh etishga chaqirgan.

Qayum Ortiqovning hibsda qiynoqqa solingani haqida birinchi bo‘lib 2009 yilda uning yaqinlari xabar qilishgandi.

Turmush o‘rtog‘i Mohira Ortiqova hamda qator inson huquqlari tashkilotlarining qiynoq da‘volarini tekshirish yuzasidan O‘zbekiston rasmiy idoralariga qilgan murojaatlari javobsiz qolgan.

2009 yilda odam savdosida ayblanib, 6 yilga mahkum etilgan Qayum Ortiqov 2011 yilda ozodlikka chiqarilgan va o‘tgan yili O‘zbekistonni tark etgan.

Josuslik ayblari

Qayum Ortiqov 2008 yil dekabrida josuslikda gumon qilinib, hibsga olingan.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u Britaniya foydasiga josuslik qilishda ayblangan va o‘zi hamda Britaniya elchixonasining qator xodimlariga qarshi iqrorlik ko‘rsatmalari berish maqsadida qiynoqqa solingan.

2009 yil noyabrida Toshturmada turmush o‘rtog‘ini borib ko‘rgan Mohira Ortiqova Qayum Ortiqovni "sen Britaniya josusisan, kimga qanday ma‘lumot olib borganing va qanday ma‘lumot olib kelganingni aytib berasan” deb qiynashganini aytgan.

Ortiqovaning so‘zlariga ko‘ra, mahbusni "sovuqda yalang‘och holatda soatlab polga yotqizilib, ustiga 4-5 kishi o‘tirgan holatda ushlab turishgan, tirnoqlari ostiga igna tiqib, tizzasi, qorni va boshiga bittadan odam o‘tirg‘izib, oyog‘i ostiga dubinka bilan soatlab urishgan".

Mohira Ortiqova turmush o‘rtog‘i qiynoqlarga chidolmay, bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringanini aytgan.

U turmush o‘rtog‘ining qonga belangan ust-boshini Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatiga topshirgan.

"Qayum Ortiqovga nisbatan qiynoqlar shu darajaga borib yetdiki, hatto uni ma‘muriyat buyrug‘i asosida qiynoqqa solgan "loxmach"lar ham Ortiqovdan iqrorlik ko‘rsatmasi olishdan ko‘ra, o‘ldirib qo‘yishlari ehtimoli ko‘pligidan qiynoqlarni to‘xtatishga majbur bo‘lganlar", deyiladi BMTga yo‘llangan shikoyat arizasida.

Aytilishicha, josuslik ayblarini bo‘yniga olmagan Qayum Ortiqov odam savdosi bilan bog‘liq "soxta ayblovlar" bilan 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

'Befarqlik'

Toshkentdagi Britan elchixonasi sobiq qo‘riqchisining ishi Britaniya ro‘znomalarining e‘tiborini tortgan.

Bunga Ortiqov va oilasining britan matbuoti orqali Bosh vazir Devid Kameronga qilgan murojaatlari sabab bo‘lgan.

Shu yil yozida Independent ro‘znomasida e‘lon qilingan Ochiq xatida Mohira Ortiqova Toshkentdagi Britan elchiligi rasmiylarini sobiq xodimni o‘z holiga tashlab qo‘yishda ayblagandi.

Britaniyadagi boshqa qator nashrlar Britan hukumatini Ortiqovning taqdiriga yetarlicha e‘tibor qaratmagani uchun tanqid qilishgan.

Qayum Ortiqovning ishi Britaniya parlamentida ham muhokama etilishiga qaramay, hozirga qadar uning boshpana olish urinishlari natija bermagan.

Ortiqov va oilasi uchinchi davlatda, xavfsiz yerda turishgani aytiladi.

44 yoshli Qayum Ortiqov qiynoqlar natijasida sog‘ligini yo‘qotgani, shoshilinch tibbiy muolajaga muhtojligi xabar qilingan.

Shu yil oktyabrida O‘zbekistondagi qiynoqlar masalasini muhokama qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi Qayum Ortiqov masalasini o‘zbek hukumat hay‘ati oldiga qo‘ygan.

Ammo rasmiylar Ortiqovning qiynoqqa solingani haqidagi iddaolarni javobsiz qoldirishgan.

"O‘tyuraklar klubi" BMT qo‘mitasi Ortiqovning shikoyatini adolatli ravishda ko‘rib chiqishiga umid qilayotganini bildirgan.

Guruhga ko‘ra, hozirda shikoyat O‘zbekiston hukumatiga ko‘rib chiqish va rasmiy sharh berish uchun yuborilgan.

BMT qo‘mitasi buning uchun hukumatga 6 oy muhlat berishi aytilgan.