‘Islomiy Davlat’, Mulla Umar va Markaziy Osiyo

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

“Islomiy Davlat” mintaqada uzoqqa bora olishi mumkin va buning uchun allaqachon zamina ham bor”.

Dunyodagi eng qudratli bu jihodchi guruhning Markaziy Osiyoning shundoq biqinida o‘zining yangi tarmog‘iga asos solganiga oid xabarga tahlilchilarning munosabati xuddi ana shunday bo‘lmoqda.

“Islomiy Davlat” shu hafta boshida endilikda qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat olib borajak bo‘linmasini tashkil qilgani, Pokiston Tolibon harakatining sobiq voizini o‘zining mintaqadagi qo‘mondoni etib tayinlaganini rasman e‘lon qilgandi.

O‘tgan yili Yaqin Sharqda islomiy xalifatiga asos solgan va allaqachon shafqatsiz jang olib borish uslubi bilan butun dunyoga tanilgan bu guruh yangi tarmog‘i a‘zolarining aniq soni, maqsadi va faoliyat rejasi haqida ko‘p narsa, hozircha, keng ommaga ma‘lum emas.

Ammo so‘nggi oylarda internetda e‘lon qilgan videobildirishlaridan ham Pokiston Tolibon harakati va ham Afg‘oniston Tolibon harakati qator yuqori martabali qo‘mondonlarining “Islomiy Davlat” saflariga qo‘shilishgani ma‘lum bo‘lgandi.

Bundan tashqari, shu kunlarda “Islomiy Davlat” guruhining qo‘shni Afg‘onistonning kamida besh viloyatidan jangarilar yollashga muvaffaq bo‘layotgani, jumladan, Markaziy Osiyoga qo‘shni shimoliy mintaqalariga ham sizib kirishga ulgurgani ma‘lum bo‘lmoqda.

O‘tgan yil oxirlarida esa, har ikki Tolibon harakatining mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari boshchiligida guruhga o‘z sadoqatini oshkora bayon qilgandi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи s

Ammo Pokiston Qurolli kuchlari mamlakatning Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi yarim muxtor Vaziriston mintaqasida olib borayotgan bir necha oylik keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab, harakat rahbariyati va a‘zolarining hozir aynan qayerdan boshpana topishayotgani ma‘lum emas.

O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbari Mujohid Usmon G‘oziy “Islomiy Davlat” guruhiga sadoqatlari bayon qilingan so‘nggi bayonotida o‘zlarining Shimoliy Vaziriston mintaqasida nochor ahvolda ekanliklarini bildirgan, ammo orada ularning taqdirlari nima bo‘lgani borasida biror bir ishonchli ma‘lumot o‘rtaga chiqmagan.

Mintaqadan shu paytga qadar imkonli bo‘lgan xabarlardan faqat “Islomiy Davlat” yangitdan asos solgan tarmoq a‘zolarining sobiq toliblar ekani ma‘lum.

Xuddi shu manzarada ular oralarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari bor yo-da yo‘qligi haqida xabarlar yo‘q.

Ammo mintaqadan "Islomiy Davlat" guruhiga yollanayotganlar saflarida o‘zbek, arab hamda chechen jangarilari borligiga oid ayrim ma‘lumotlar ham bor. Lekin bu xorijiy jangarilarning qay bir isyonchi guruh a‘zolari ekani ham, hozircha, aniq emas.

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, yillarki, Afg‘oniston va Pokiston orasidagi qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelayotgan xorijiy jangarilar aksariyatini "al-Qoida" tarmog‘i a‘zolari tashkil qilishgan.

Lekin orada kechgan yillar davomida O‘zbekiston Islomiy Harakati saflarining ham turfalashib ulgurgani aytiladi.

Islomiy xalifat g‘oyasi va mintaqa

Фото муаллифлик ҳуқуқи

“Islomiy Davlat” o‘tgan bir necha yilning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududni bosib olgan, xalifi Abu Bakr al-Bag‘dodiy esa, orada endi Saudiya Arabistoniga ko‘z tikayotganliklarini ham oshkora bayon qilgandi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, shu paytgacha Liviya, Misr va Livandagi kichikroq jangari guruhlar ham Yaqin Sharqdagi bu yangi islomiy xalifat rahbariga bay‘at keltirib bo‘lishgan.

Ustiga ustak, Islom dinidagi uch muqaddas zaminni o‘z ichiga oluvchi global xalifat barpo etishni maqsad qilgan bu qudratli jihodchi guruh a‘zolarining soni dunyoning turli burchaklaridan yollanayotgan shaxslar hisobiga jadallik bilan kengayib borishi aytilmoqda.

Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers ham “Islomiy Davlat”ning bugunga kelib nega aynan qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga ko‘z tikayotgani sababini xuddi shu omil bilan izohlaydi.

Image caption Лондондан Мудофаа масалалари бўйича халқаро таҳлилчи

“Guruhning yakuniy maqsadi – yangi global islomiy xalifat barpo etish. “Islomiy Davlat” joriy paytda Iroq va Suriyada salmoqli hududni nazorat qilayotgan bo‘lsa ham, G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlarining davomiy havo hujumlari sabab, hozir bosim ostida qolgan. Shu bois ham, hozir o‘z faoliyatini kengaytirish uchun yangi mintaqalar topish harakatiga tushib qolgan. Ya‘ni, guruh o‘zining islomiy xalifaligini faqat Yaqin Sharq chegaralari bilan cheklamoqchi emas. Uni Afg‘onistonu Pokiston chegaralariga qadar uzaytirishni ko‘zlamoqda, nazarimda”, - deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

Xuddi shu manzarada Bi-bi-siga imkonli bo‘lgan ayrim xabarlarga tayanilsa, “Islomiy Davlat” mintaqada asos solgan yangi tarmog‘i ham “Xuroson Islomiy Davlati”, deb yuritiladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, guruh Yaqin Sharq, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kabi qator mintaqa mamlakatlarini o‘z ichiga oluvchi yangi Xuroson davlatini barpo etish harakatida.

“Bunga esa, ayrimlari payg‘ambar Muhammad (s.a.v) davridan ham qolgan ayrim qarash, ishonch va aqidalar sabab bo‘lgan, asos yaratgan”, - deydi, jumladan, Pokistondan Tolibon va isyonchilik masalalari bo‘yicha ekspert Xadim Husayn.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga qo‘shni Eron va Afg‘onistonning ma‘lum hududlari esa, qadimda Xuroson, deb yuritilgan.

Xuddi shunga binoan, ba‘zi bir musulmonlar Qiyomat qoyim bo‘lishidan oldin Xuroson uzra qora bayroqlar hilpiraydi, degan gapga ishonishadi.

“Islomiy Davlat” uchun zamina tayyor"

Фото муаллифлик ҳуқуқи

Pokistonlik yetakchi harbiy ekspert suhbatdoshimizning fikrlariga tayanilsa, “Islomiy Davlat” guruhining mintaqadagi isyonchilarni o‘ziga jalb etuvchi bir emas, bir nechta jozibali jihatlari bor.

“Birinchisi, guruhning aynan Xuroson davlatini barpo etishga oid aniq kontseptsiya, g‘oyaga ega ekanidir. Bu – mintaqadagi nima istashini aniq bilmaydigan qo‘mondonlarni o‘ziga jalb etishi, “Islomiy Davlat” saflarining mahalliy jangarilar bilan boyishiga xizmat qilishi mumkin. Ikkinchisi, “Islomiy Davlat” Suriya va Iroqda o‘rnatgan model, ya‘ni ijtimoiy boshqaruv uslubi bo‘ladi. Uchinchisi esa, guruh ega bo‘lgan boylik. “Islomiy Davlat”ning qo‘lidagi resurslar ham Pokiston va ham Afg‘onistondagi turli guruhlar va qo‘mondonlarga juda qo‘l kelishi mumkin”, - deydi harbiy ekspert Xadim Husayn.

Aynan o‘zi tilga olib o‘tgan omillarni nazarda tutarkan, pokistonlik suhbatdoshimiz “Islomiy Davlat”ning mintaqada faollashishi uchun zamina allaqachon tayyor ekanini ham ta‘kidlaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, “Islomiy Davlat” guruhining Pokiston va Afg‘onistonda o‘zining yangi bo‘linmasiga asos solib, xos qo‘mondonini tayin etganiga oid xabar katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlari mintaqani tark etib bo‘lgani manzarasida kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, bu kabi yangilik so‘nggi o‘n yilliklarda mintaqadagi asosiy isyonchi guruh sifatida e‘tirof etilgan har ikki Tolibon harakati saflarida bo‘linishlar kuzatilayotgan va ularning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan “al-Qoida” tarmog‘i ham anchayin zaiflashgan bir vaziyatda o‘rtaga chiqmoqda.

Ayni shu nuqtada ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, mavjud holat ham “Islomiy Davlat”ning foydasiga xizmat qilishi mumkin.

“Ha, bunday ehtimolni nazardan soqit etib bo‘lmaydi. Chunki Tolibonga o‘xshagan isyonchi guruhlar nazarda tutilganda, rahbariyatining amallaridan norozi a‘zolari har doim topiladi. Agar, “Islomiy Davlat” Tolibon harakati saflaridagi ana shu norozilik va tarqoqliklardan foydalangudek bo‘lsa, anchagina yutuqqa erishishi mumkin. Chunki mavjud holat guruh uchun mintaqadagi yangi jangarilarni yollashning ehtimoliy manbasi bo‘lib xizmat qiladi”, - deydi Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" Yaqin Sharqda erishayotga yutuqlar Janubiy Osiyodagi boshqa jangari guruhlarni ham bee‘tibor qoldirmagan.

Guruh qanchalik uzoqqa bora oladi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, “Islomiy Davlat”ning mintaqada qanchalik uzoqqa bora olishi ham, bir tomondan, aynan Tolibon harakati saflaridagi tarqoqlikning darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tish joiz, so‘nggi yillarda Pokiston Tolibon harakatining qator rahbarlari amerikaliklarning dron hujumlarida ustma-ust o‘ldirilgan, mintaqadagi toliblarning barchasi bay‘at keltirgan Afg‘oniston Tolibon harakatining yo‘lboshchisi Mulla Muhammad Umarning qayerdaligi esa, 2001 yildan buyon ma‘lum emas.

Hanuz global islomiy xalifat barpo etish istagida ekanini da‘vo qiluvchi yaqin ittifoqchisi “al-Qoida” tarmog‘idan farqli tarzda, har ikki Tolibon harakati ham shu paytgacha faqat o‘z vatanlarida islomiy davlat qurish maqsadida bo‘lishgan.

Mintaqadagi ja‘mi Tolibon jangarilarining aniq soni ma‘lum emas, ammo, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, ham Pokistondagisi va ham Afg‘onistondagisi qo‘shib hisoblanganda, toliblarning taxminiy soni 15 minglar atrofida bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda yana bir bor eslatib o‘tish joiz, shu paytgacha qancha sondagi Tolibon jangarisining “Islomiy Davlat” saflariga o‘tgani noma‘lum. Ammo, hozircha, ularning soni o‘nlab ekani gumon qilinadi.

Pokistondan harbiy ekspert Xadim Husaynga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ning mintaqadagi muvaffaqiyati, boshqa tomondan, Pokiston va Afg‘oniston hukumatlarining isyonchilarga qarshi joriy siyosati va strategiyasining qanchalik ish berishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

“Agar, bu ikki davlat hukumatlari jangarilik va ekstremizmni yo‘q etishga muvaffaq bo‘lishmasa, men yuqorida tilga olib o‘tgan boshqa barcha omillar bilan birga bu – “Islomiy Davlat”ning mintaqaga yanada faolroq kirib kelishi, yangidan yangi jangarilar yollashi va o‘z tarmoqlarini barpo etishiga yo‘l ochishi mumkin. Chunki Afg‘oniston va Pokistonda allaqachon “Islomiy Davlat”ni har tomonlama qo‘llashi, ularga ko‘mak berishi mumkin bo‘lgan tarmoqlar mavjud”, - deydi ekspert.

Nega Tolibon rahbarlari jim?

Фото муаллифлик ҳуқуқи

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, har ikki Tolibon harakati rahbariyati ham, hozircha, “Islomiy Davlat”ning mintaqada o‘z tarmog‘iga asos solganiga oid “Tvitter”dagi dushanba kungi audiomurojaatiga biror bir rasmiy munosabat bildirishmagan.

Jumladan, qayerdaligi noma‘lum qolayotgan bo‘lsa-da, har yil afg‘on xalqiga o‘zining Hayit tabrigini yo‘llovchi Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar ham voqealarning so‘nggi rivoji borasida jim.

Ya‘ni, Mulla Muhammad Umar shu kunlarda “Islomiy Davlat”ning Afg‘onistonga sizib kirishga muvaffaq bo‘layotgani, o‘zining sobiq yaqin hamkori Mulla Abdul Rauf guruhning Afg‘onistondagi asosiy yollovchisi ekani va aynan Afg‘oniston Tolibon harakatining ikkita asosiy istehkomidan bittasi bo‘lgan janubiy Helmand viloyatida o‘z bazasini tashkil etish harakatida ekaniga oid xabarlar yuzasidan o‘z bayonoti bilan chiqmagan.

Mavjud holat, o‘z o‘rnida, ham xalqaro va ham mintaqaviy tahlilchilarning e‘tiborlaridan chetda qolmagan. Ammo berayotgan baholaridan kelib chiqib, bu xususda ularning turli qarashga ega ekanliklarini ham ko‘rish mumkin.

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA

Jumladan, xalqaro tahlilchi Pol Rojers, “Bir tomondan, Tolibon harakati rahbariyati mavjud holatning uzoqqa cho‘zilmasligi, vaqtinchalik jarayon ekaniga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan, agar ular bu xususda oshkora bayonot bilan chiqishsa, “Islomiy Davlat”ning maqomini e‘tirof etgan bo‘lib chiqishadi. Yaqin Sharqdagi bu guruhga esa, xuddi shu narsa kerak. Menimcha, shu tufayli ham Tolibon harakati rahbariyati jim. Ya‘ni, ular “Islomiy Davlat”ni inkor qilib, mavqeini ahamiyatsiz qilib ko‘rsatish uchun sukut saqlashga harakat qilishadi”, - derkan, bu bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatib borishnining muhim ekanini alohida urg‘ulaydi.

“Chunki Tolibon harakati rahbariyatining yana qanchagacha miq etmay turishlarini faqat vaqt ko‘rsatadi. Agar, Tolibon harakati rahbariyati, ayniqsa, Mulla Muhammad Umar maqomidagi shaxs bu xususda oshkora bayonot bilan chiqadigan bo‘lsa, bu – ularning voqealar rivojidan jiddiy xavotirda ekanliklariga dalolat qiladi”, - deydi tahlilchi.

Pokistondan yetakchi harbiy ekspert bo‘lgan suhbatdoshimiz Xadim Husayn esa, bu masalaga munosabatda ham “Islomiy Davlat” va ham har ikki Tolibon harakati o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga alohida diqqat qaratish lozimligini ta‘kidlaydi.

Unga ko‘ra, “Islomiy Davlat”ning mintaqadagi hozirligi bilan bog‘liq voqealar rivojining yakuniy nuqtasi ham alal-oqibat xuddi ana shu omilga borib taqalishi ehtimoli yo‘q emas.

Фото муаллифлик ҳуқуқи

“Afg‘oniston va Pokistondagi jangari guruhlar avvaliga “Islomiy Davlat” tahdidiga qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rishlari mumkin. Ammo, shunda ham, bu masalada qo‘llaridan uncha katta ish kelmaydi, nazarimda. Chunki tajriba g‘oyalari bir xil bo‘lgan raqib isyonchi guruhlarning keyinchalik til topishib ketishganini ko‘rsatgan. Xuddi shu nuqtai nazardan, “Islomiy Davlat” va hozir mintaqada faol bo‘lgan jangari guruhlarning doktrinasi bir xil, faqat uni amalga oshirish yo‘llari farqli. Ammo, menimcha, jangari va ekstremist guruhlar bu kabi kelishmovchiliklarga osonlik bilan barham bera olishadi. Ittifoqchiga aylanishlari ehtimoli yo‘q emas”, - deydi suhbatdoshimiz.

Pokistonlik harbiy ekspert, o‘z o‘rnida, har ikki Tolibon harakati va o‘zbek, arab, chechen hamda uyg‘ur jangarilarini o‘z ichiga oluvchi boshqa isyonchi guruhlar ham o‘zlarini rasmiy bayonotlardan tiyib, hozircha payt poylashayotgani, “Islomiy Davlat” mintaqada qanchalik katta kuchga aylana olishini kutishni ma‘qul ko‘rayotgan bo‘lishlari ham mumkin, deydi.

Bu – Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Ayni masalada ham eng avvalo shuni ta‘kidlash kerakki, “Islomiy Davlat” guruhining shundoqqina biqinlarida o‘zining yangi tarmog‘iga asos solganiga oid xabarga, hozircha, biror bir Markaziy Osiyo davlati rahbariyati rasman munosabat bildirmagan.

Ammo mavjud holat mintaqa davlatlari rahbarlarining “Islomiy Davlat” tahdidiga butkul befarq ekanliklari yoki voqealarning bu kabi rivojidan xavotirda emasliklariga dalolat qilmaydi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasida birinchilardan bo‘lib bu xususda o‘zining tashvishlarini rasman va oshkora bayon qilgan, “jangari ekstremizmning yoyilib borayotgani”dan jiddiy xavotirlarini izhor etgandi.

Ayni mavzu O‘zbekiston kabi Afg‘onistonga bevosita qo‘shni Tojikiston prezidentining e‘tiboridan ham chetda qolmagan, janob Imomali Rahmon “Islomiy Davlat”ni, hatto, 21 asrning vabosi”, deb baholashgacha borgandi.

Yaqinda e‘lon qilingan rasmiy raqamlardan esa, minglab mintaqa fuqarolarining “Islomiy Davlat” saflarida jang qilishayotgani ayon bo‘lgan, shu kunlarda guruh Afg‘onistonning Markaziy Osiyo chegaralariga yaqin viloyatlaridan o‘ziga jangarilar yollayotgani ham o‘z tasdig‘ini topgandi.

Bir tomondan, hatto, xalqaro tahlilchilar orasida ham Yaqin Sharqda jang qilib, vatanlariga qaytayotgan bu kabi fuqarolarning o‘z davlatlari xavfsizligi uchun asosiy muammoga aylanishlari mumkinligiga oid xavotirlar yo‘q emas.

Boshqa tarafdan, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, har ikki Tolibon harakati saflaridagi tarqoqlik, so‘nggi yillarda “al-Qoida” va O‘zbekiston Islomiy Harakati yuz tutgan parokandaliklar mintaqada jangari tarmoqlarning yangi ittifoqlari yuzaga kelishi ehtimolini ham paydo qilgan.

Ularning aytishlaricha, agar, O‘zbekiston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va Erondagi jangari guruhlar “Islomiy Davlat”ga quchoq ochgudek bo‘lishsa, guruh, haqiqatan ham, mintaqa uchun yirik tahdidga aylanish potentsialiga ega.

“Islomiy Davlat”ning o‘z hududlarida yangi tarmog‘ini ochganiga oid bayonotiga, hozircha, na-da Afg‘oniston va na-da Pokiston hukumatiyu harbiylari biror bir munosabat bildirishgan.

Bi-bi-sining bu xususda ulardan rasmiy izoh olish urinishlari esa, hozircha, o‘z samarasini bermagan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Бу мавзуда батафсилроқ