Shayxning janoza marosimida bir kishi vafot etdi

Жаноза маросимида ўн минглаб одам қатнашгани айтилади
Image caption Жаноза маросимида ўн минглаб одам қатнашгани айтилади

Kun.uzning xabar berishicha, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janoza marosimi bo‘layotgan masjidda keksa kishi yurak hurujidan vafot etgan. Janozani bevosita kuzatgan jurnalistlar unda o‘n minglab odam qatnashganini bildirmoqda. Tobutni ko‘tarish vaqtida tartibsizliklar bo‘lgani aytilmoqda.

Kun.uzning voqea guvohi Murod Nazarovga tayanib yozishicha, Shayx tobuti Shayx Zayniddin jome‘ masjidiga olib kelingan vaqti 65-70 yoshlardagi qariya jon taslim qilgan.

Bu haqda Nazarov feysbukdagi sahifasida yozgan.

“Yonimdagi qatorda ko‘zlarida yosh bilan 65-70 yoshlardagi otaxon turgandi. Otaxon kutilmaganda yerga yiqildi. Uning ko‘zlari, barmoqlari va jag‘i qattiq tortishib, og‘zidan ko‘pik kela boshladi. Bu yurak huruji edi”, - deb yozadi Murod Nazarov.

Guvohning aytishicha, hodisa joyiga bir daqiqaning ichida shifokorlar yetib kelishgan va cholning hayotini qutqarib qolishga harakat qilgan. Biroq unga yordam berisha olmagan. Qariya o‘sha yerning o‘zida jon taslim qilgan.

Xalq orasida Ko‘kcha masjidi nomi bilan mashhur Toshkentdagi Shayx Zayniddin jome‘ masjidida 11 mart kuni peshin namozi vaqtida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janozasi o‘qilgan.

Guvohlar janozada o‘n minglab odam qatnashganini va odamlar yo‘llarda va hattoki tramvay ichlarida turib namoz o‘qiganini aytishmoqda.

Qadriyat.uz sayti marosimda ishtirok etgan muxbiriga tayanib janozada odamlar ko‘pligidan peshin namozida bir birining yelkasiga sajda qilingani haqida xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va audio materiallarda janoza marosimida tartibsizliklar kelib chiqqanini ko‘rish mumkin.

Tobutni ko‘tarishga harakat qilgan olamon o‘rtasida bir muddat tala to‘p boshlangan.

Kun.uzning yozishicha, janoza namoziga kelganlar orasida “mana men ham shu yerda edim” qabilida ish tutganlar va marhumning tobuti bilan selfi usulida suratga tushganlar ham bo‘lgan.

Internet jamoatchiligi bundaylarni qattiq qoralab chiqqani aytiladi xabarda.

Guvohlar Toshkent shahar bosh imomi Anvar qori Tursunov yig‘ilganlarni mikrofon orqali tinchlantirish uchun harakat qilganini yozishdi.

“Yo Alloh, o‘zing bilguvchisan, qaysimiz qancha yashaymiz, lekin biz bugun shayximizga ozor berdik. Odamlar! Tinchlaning! Hazratimiz tinchlikni xush ko‘rar edi. Uni azoblamang, uni qiynamang. Sizlardan iltimos qilaman”, - deb Anvar qorining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Murod Nazarov.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02