Karimov: 'Qonunlar ishlamayapti'

Фото муаллифлик ҳуқуқи UzA

Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan chiqishida Prezident Islom Karimov qonunni himoya qiluvchi idoralarni qonunbuzarliklar sodir etayotgani uchun tanqid qilgan.

Prezidentga ko‘ra, mamlakatda qonun ustuvorligi ta‘minlanmayotir.

Fuqarolarning shikoyat va arizalariga e‘tibor qaratgan prezident "huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy qarorlar qabul qilayotganidan, bu idoralarning mansabdor shaxslari qo‘pol muomalada

bo‘layotganidan, aholi murojaatlari ular tomonidan to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotgani"ni ta‘kidlagan.

Prezident Oliy Majlis Senatini qisqa muddatda prokuratura faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish va uning faoliyati qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Janob Karimov "odamlarning u yoki bu davlat organlari qarorlaridan norozi bo‘lishga to‘la haqli" ekanliklarini aytgan.

Prezidentga ko‘ra, "qonunda bir narsa yozilib, hayotda hammasi boshqacha bo‘lsa", odamlarning Konstitutsiyaga ishonchi yo‘qoladi.

Karimovning muxoliflari uning o‘zini Konstitutsiyaning 90-moddasini qayta va qayta buzishda ayblaydilar.

Unga muvofiq, bir shaxs ikki marta ketma-ket prezidentlikka saylanishi man etiladi.

Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari shu yil martida qayta saylangan Karimovning navbatdagi, rasman to‘rtinchi muddatining qonuniyligini savol ostiga olishgan.

'Normal emas'

Janob Karimov hozirga qadar militsiya va prokuratura faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunning yo‘qligini "normal holat emas", deb ta‘riflagan.

"Bugungi kungacha ichki ishlar va huquq-tartibot organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligini ham normal holat, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun mazkur organlarning, birinchi navbatda, qonun ustuvorligini ta‘minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasidagi maqomi, faoliyat shakli va usullarini aniqlashtirish hamda ularga tuzatishlar kiritish zarur", - deb aytgan prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "xalq har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi".

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekistonda inson huquqlarining eng ko‘p huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan poymol etilishini qayd etib keladilar.

Mahalliy faollar mamlakat parlamentini militsiya haqidagi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirganlar.

Ularga ko‘ra, bu kabi qonunning yo‘qligi ko‘pincha inson huquqlarini poymol etgan militsiya, prokuratura va maxsus xizmatlar xodimlarining jazosiz qolishiga yo‘l ochmoqda.

Mexanizm yo‘q

Prezident Karimov shuningdek, boshqa sohalarda ham qabul qilinayotgan qonunlarni amalga tadbiq etish bo‘yicha mexanizm yo‘qligini tan olgan.

"Afsuski, ko‘p holatlarda bu qonunlarga muvofiq belgilangan normalarni qanday vaziyatda qanday qo‘llash lozimligini ko‘rsatib beradigan huquqiy mexanizmlarni, qonunosti hujjatlarini, sodda qilib aytganda,

qabul qilingan qonunlarni amalga oshirish mexanizmlarini aniqlab beradigan hujjatlarni qabul qilishni keyinga suramiz", -deb aytgan prezident

U Oliy Majlisni qonunlar bilan birga "ularni hayotga joriy etish mexanizmlarini har tomonlama puxta ishlab chiqish"ga chaqirgan.

"Toki bu qonun va mexanizmlar hayotdagi aniq munosabatlarni keng miqyosda amalda tartibga solib borsin", -degan Islom Karimov.

'Barqaror o‘sish'

Janob Karimov mustaqillik yillaridagi an‘anaga muvofiq, 2016 yilga ham rasmiy nom bergan.

Yangi yil O‘zbekistonda "Sog‘lom ona va bola yili" deb e‘lon qilingan.

Prezidentga ko‘ra, "Keksalarni e‘zolash yili" deb e‘lon qilingan 2015 yilda davlat dasturi doirasida "2 trillion 246 milliard so‘m va 225 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ sarflangan".

Prezident jumladan, pensiyalarning "o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berilgani"ni alohida ta‘kidlagan.

Ammo joylarda nafaqaxo‘rlar pensiyalarning kechikishi va majburan plastik kartochkalarga o‘tkazilayotganidan shikoyat etishadi.

Janob Karimov "O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibida asosan paxta xomashyosi yetkazib beradigan qoloq respublikalardan biri bo‘lganini ta‘kidlab, tarixan qisqa davrda mamlakat barqaror sur‘atlar bilan o‘sib borayotgan zamonaviy davlatga aylangani barcha-barcha kuzatuvchilarni hayratda qoldirishi"ni aytgan.

Payshanba kuni Senat 2016 uchun davlat byudjetini qabul qilgan, unda oxirgi yillarda birinchi marta iqtisodiy o‘sishning 8 foizdan kam bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, yangi yilda yalpi mahsulot hajmining o‘sishi 7.8 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Bu mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur‘atining o‘tgan yilgidan 0.3 foizga pasayishini anglatadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio