O‘zbekistonda bayram va xavfsizlik xavotirlari

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbcuzbek
Image caption Toshkent va samarqandliklarga Yangi yil bayramini uyda nishonlash tavsiya etilmoqda.

Toshkent va samarqandliklarga Yangi yil bayramini uyda nishonlash tavsiya etilmoqda.

Shahar hokimiyatining internet nashrlariga ma‘lum qilishicha, yilning so‘nggi kuni poytaxtdagi aksariyat restoranlar ishlamaydi.

Bu haqda xabar tarqatgan Podnobno.uz nashriga ko‘ra, hokimlik mulozimi shundoq ham o‘zbekistonliklar Yangi yilni uyda nishonlashlarini aytgan.

Yangi yilni uyda nishonlash bo‘yicha biror bir qaror yoki buyruq chiqarilgani yo‘q, ammo og‘zaki maslahat berilgani aytilmoqda.

Samarqandliklar ham xuddi shunday og‘zaki maslahat berilgan.

Samarqandlik jurnalistning aytishicha, aslida bu kabi maslahatlarga hech bir hojat yo‘q, rostdan ham aksariyat Yangi yilni uyda bayram qiladi.

“Faqat keyingi vaqtlar yoshlar orasida ziyofatlar uyushtirish udum bo‘lib bormoqda. Yangi yil, bitiruv kechalarini o‘tkazish va bu ziyofatlarda spirtli ichimliklar ichib ba‘zan mushtlashuvlar bo‘lib turishi ham sir emas”, deydi jurnalist.

Xavfsizlik xavotirlari va internet

Image caption IShIDga aloqadorlik ayblari bilan yuzlab o‘zbekistonliklar hibsga olingani aytiladi

So‘nggi paytlar o‘zbekistonliklar orasida turfa ekstremist guruhlar, xususan IShIDning mamlakatda faollashayotganiga doir mish-mishlar tarqaldi.

Ana shunday mish-mishlardan birida Toshkentdagi Ichki ishlar bo‘linmasi yaqiniga portlovchi modda to‘ldirilgan mashina tashlab ketilgani aytilgan edi.

Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb sahifasida terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi rahbari O‘ktam Murodov bu xabarlarni rad etdi.

“Hushyorlik barqarorlikning asosiy omilidir” deb atalgan suhbatda vazirlik mulozimi bu kabi mish-mishlar aslida jamoatchilik orasida vahima uyg‘otishga qaratilganini aytadi.

Mamlakat bo‘ylab bir necha shaharlarda IShIDning qora bayrog‘i bir paydo bo‘lib, bir yo‘qolib turishiga doir mish-mishlar ortida asl sabablar rasman ochiqlangani yo‘q.

“Men fuqarolarimizni bu kabi fitnalarga hatto ancha ishonarli tuyulsa ham ishonmaslikka chaqiraman”, deb aytgan O‘ktam Murodov.

Ichki ishlar vazirligi mulozimi shuningdek, o‘zbekistonlikni hushyorlikka chaqiradi, ammo xavotirga asos yo‘qligini urg‘ulaydi.

O‘ktam Murodovning aytishicha, foydasi aniq bo‘lgan internetning zararli tomonlari ham oz emas.

Mulozim ijtimoiy tarmoqlardan umuman foyda yo‘q degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.

Uning nazarida, ayni mana shu tarmoqlar orqali terrorchi tashkilotlar yoshlarni o‘z saflariga yollash holatlari sir emas.

“…bu kabi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan huquq-tartibot xodimlarini ogohlantirish kerak. O‘z farzandlarining qayerda yurgani, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani va kim bilan aloqada bo‘layotganini ota-onalar muntazam nazorat qilishi kerak”, deydi Ichki Ishlar vaziriligining terrorga qarshi boshqarmasi rahbari O‘ktam Murodov.

O‘tayotgan yilda O‘zbekistonda xavfsizlik choralari avvalgilaridan farqli o‘laroq kuchaytirildi.

Toshkentda uyma-uy tekshiruvlar o‘tkazildi va bu jarayonga o‘qituvchilar ham jalb qilindi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, IShIDga aloqadorlik ayblari bilan mamlakat bo‘ylab yuzlab insonlar hibsga olingan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio