Munosabat:"Bag‘rikeng bo‘laylik!"

Image caption "Qoralash lozim bo‘lsa, shuni ovoza qilganlarni, miriqib tomosha qilayotganlarni qoralash lozim".

Bir do‘stim Tamilla degan xonanda qizning bir sabab bilan noxush ahvolga tushib qolgani va shu sababli uni litsenziyadan mahrum etishgani, birovlar xonandani yoqlayotgani, birovlar beadablik qildi deb qoralayotganini aytib, mendan munosabat so‘radi.

Munosabatim shunday. Biz bo‘lamizmi, siz bo‘lasizmi, Tamilla bo‘ladimi, hammamiz bu dunyoda ojiz bandamiz. Hayot insonni shunday ko‘ylarga soladiki, u goho istamagan, kutmagan holda nojo‘ya gapni gapirib, nojo‘ya bir ish qilib qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoladi. Buni tushinish kerak. Shafqat-muruvvat maqomida ish tutish kerak. Chaqirib, pand-nasihat qilish darkor. Uning boshiga darhol qilich ko‘tarish insofdan emas. Qoralash lozim bo‘lsa, shuni ovoza qilganlarni, miriqib tomosha qilayotganlarni qoralash lozim. Bu – qabihlik, pastkashlik! Normal jamiyatda bu kabi g‘iybat-iftirolardan hazar qilishadi.

Iste‘dod – miliondan bittasi demak. Iste‘dod – xalq boyligi. Asrab-avaylash lozim. Qarang, kecha Dilnura bor edi, bugun yo‘q. O‘rni bo‘m-bo‘sh... Ozoda Nursaidovaning qo‘shiqlarini rohat qilib eshitganman. Ajoyib ovozi bor. Haqiqiy san‘atkor. Shu qizni ham bir noxush holat tufayli litsenziyadan mahrum etishganini eshitib, juda achindim... Axir, o‘sha mutasaddiy idoralarda keng bag‘irli, nazari baland, san‘atkorni tushunadigan, san‘atkorni ayash kerak, degan qarashga ega bo‘lgan rahbarlar nahotki topilmasa? Xonandani chaqirib, jonim qizim, shu ishingiz yaxshi bo‘lmabti, bundan keyin ehtiyot bo‘ling, xalq nazaridasiz, qabilida tanbih berib, nasihat aytib, to‘g‘ri yo‘lga solinsa, yaxshi emasmidi? Bundan xalqqa ham, xonandaga ham, o‘sha idorada o‘tirganlarga ham foyda edi-ku!

Men hayron qolaman, Sherali Jo‘rayev kimning arpasini xom o‘ribti-ki, shuncha yillardan beri uni sahnaga chiqarishmaydi? Bu dunyoda san‘atkorni sahnadan, yozuvchini kitobdan mahrum etish gunohi azim ekanligini qachon o‘ylab ko‘risharkin?

Keyingi yillarda madaniy saviyamiz juda tushib ketdi. Boyish-boyiqish hirsi, baloyi nafs yuraklardan andisha, rahmu shafqat, insoniy ma‘rifatni quvib chiqardi. Bir-birimizni ayamaydigan, bir-birimizdan ayb izlaydigan va darhol hukm chiqarishga ham hoziru nozir bo‘lib qoldik.

Meningcha, hamma illat ana shunda.

Jamol Kamol,

O‘zbekiston xalq shoiri

04.02.2016

Toshkent

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Бу мавзуда батафсилроқ