“IShID qo'lidan muhim Manbij tortib olindi”

Manbij Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

AQSh dastagida Kurd va Arab isyonchilari o'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh nazoratida bo'lib kelgan Suriyaning strategik muhim sanalgan Manbij shahrini tortib olganlar, deya xabar tarqatmoqdalar faollar.

Manbij Turkiyaning janubiy chegarasiga yaqin muhim yo'llar chorrahasida joylashgan shahar va 2 yildan buyon IShID qo'lida edi.

Manbijdagi yo'llar IShIDning asosiy qarorgohi bo'lgan Suriyaning Raqqa shahri, Turkiyaga eltuvchi yo'l va Halab viloyatiga chiqishga imkon beradi.

Bu yo'llar "Islomiy Davlat"ga jangarilarini bir erdan ikkinchi joyga ko'chirish, Suriyadan tashqaridan qurol-yarog' olib kirish va o'zlarining nazorati ostidagi hududlarga tarqatish imkoniyatini berib kelgan.

Manbij shahri uchun janglar ikki oy oldin boshlangan edi.

Tarkibida kuchli Kurd jangchilari bo'lgan va Suriya Demokratik Kuchlari deb atalgan jangchilar ittifoqiga AQSh havo zarbalari bilan yordam berib kelgan.

Iyun oyidagi qattiq janglar ortidan Manbij shahri IShIDga qarshi kuchlar tomonidan qamalga olingan va tashqaridan uzilgan edi.

IShID jangarilari shahar ichidagi binolarda o'rnashib olishgan va qurolli qarshiliklar ko'rsatishgan.

IShIDning bunday mudofaa mavqe'larini AQSh havo hujumlariga tutgan.

Iyul oyidagi havo hujumlaridan birida Manbijdan tashqaridagi qishloqqa chiqishga uringan o'nlab tinch fuqarolar, jumladan, 11 bola ham halok bo'lgan edi.

Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlarini kuzatish markazining Manbijdan olayotgan xabarlariga tayanib ma'lum qilishicha, shahar markazida hamon kam sonda IShID jangarilari qolmoqda.

IShIDga qarshi urushayotgan harbiy koalitsiya so'zchisi Sharfan Darvish aytishicha, Manbij shahrining 90 foizi o'zlarining nazoratidadir.

Ayni paytda BMT Manbij atrofida tinch fuqarolar uchun vaziyat juda og'irlashgani, 70 ming odam qamalib qolgani haqida ogohlantirish bilan chiqqan.

Bir kun oldin AQSh Prezidenti Barak Obama Suriya va Iroq hududlarini egallagan IShID jiddiy zaiflashgani, oxirgi 1 yilda birorta ham yirik harbiy hujumni uyushtirishga qodir bo'lmaganini aytgan.

Guruh o'z nazorati ostidagi katta hududlarni yo'qotgan, lekin e'tiborini xorijdagi hujumlarga yo'naltirgan, deb aytgan Prezident Obama Pentagonda AQShning eng yuqori lavozimli harbiy va xavfsizlik xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin.

Iroq, Frantsiya, Olmoniya, Bangladesh va boshqa mamlakatlardagi qator hujumlar uchun IShID mas'uliyatni o'z zimmasiga olib bayonot tarqatgan.

AQSh prezidenti aytishicha, IShID yaqin orada o'zining Iroqdagi asosiy qarorgohi bo'lgan Mosul shahri va Suriyadagi Raqqa ustidan nazoratini yo'qotadi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.