Emlatish - dinga zidmi?

Эмлаш Фото муаллифлик ҳуқуқи iStack

Ayon bo'lishicha, Qirg'izistonning janubiy O'sh shahrida go'daklarni emlatishdan bosh tortayotganlar soni ortmoqda.

Bu kabi oilalar esa, o'z qarorlari sababini diniy zaminda izohlashmoqda ekan.

Qirg'iziston Sog'liqni Saqlash vazirligi buyrug'i asosida mamlakatda turli xil kasalliklarga qarshi emlash ishlari tug'ruqxonadan boshlab, bola toki maktabning o'rtancha sinfini tamomlagunga qadar amalga oshiriladi.

Ikki oy avval o'g'il farzandli bo'lgan Alisher har bir ota-ona farzandlarini emlatishda o'z huquq va burchlarini bilishi lozim, deb hisoblaydi.

"Biz o'g'limizni tug'ruqxonada emlatmadik. Sababi - dorilar tarkibida inson sog'ligi uchun ziyonli moddalar bor ekan. Bu haqda men turli manbalardan ma'lumot olganman. Har oyda hududiy poliklinikaga borib, o'g'limni vrach ko'rigidan o'tkazamiz. U erda ham bizga bolani emlatish kerakligini aytishdi. Men ularga Qirg'iziston qonunchiligida ko'rsatilgan ota-ona haq-huquqlariga tayangan holda, o'g'limni emlatmaslik to'g'risida rad arizamni yozib berdim. O'shandan keyin so'ramay qo'yishdi", - deydi Alisher biz bilan suhbatda.

Uning fikricha, ko'p hollarda ota-onalar emlatmaslik sabablarini diniy asosda tushuntirishlari bois, huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ostiga ham tushishadi.

Xavotirlar

Shifokorlar esa, bu kabi hollarning yil sayin ortib borayotganidan xavotirda.

Ularning ogohlantirishlaricha, Qirg'izistonda epidemiologik holat kelib chiqsa, buning oqibatlari yomon bo'ladi.

O'z o'rnida, shifokorlarga ko'ra, aholi orasida tushuntirish ishlarini jadallashtirish payti etgan.

Aks-holda, ma'lum vaqtdan keyin emlanmagan bolalar turli yuqumli, xavfli xastaliklarni tarqatuvchilar guruhiga aylanishlari mumkin.

Ammo hozirgi kunda mamlakat bo'ylab farzandini emlatishdan bosh tortgan va tortayotgan ota-onalarning aniq sonlari ma'lum emas.

Shikoyat

Kuni-kecha esa, O'sh viloyatining O'zgan tuman shifokorlari bu kabi ishga qo'l urgan 300 ga yaqin ota-ona ustidan prokuraturaga rasman arz qilishgan.

Bosh immunolog Jamilya Baetovaning so'zlariga ko'ra, aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilayotganiga qaramay, yil sayin farzandalarini emlatishni istamayotgan oilalar ortib bormoqda.

"Hozirgi kunda bu kabi oilalarning soni 267 taga etgan. Ulardan 3 tasi Mirzake qishlog'i, 28 tasi Qurshob va 246 tasi O'zgan shahrida. Emlatishdan bosh tortayotganlar internetdan ko'rgan videoroliklaridan kelib chiqqan xolda shunday xulosaga kelmoqda. Ularning arizalarini ko'rib chiqamiz va ro'yxatga olamiz. Shuningdek, tuman prokuraturasiga ham ariza bilan murojaat qildik. Hozir ular tekshirmoqda", - deydi shifokor.

Shifokorlar bundan ikki yil avval joylarda qizamiq kasalligi tarqalganini yodga solmoqda.

O'shanda bu yuqumli kasallikni mingdan ortiq yosh bola va kattalar yuqtirib olishgan edi.