Misrlik xattot 'Qur'oni' bilan rekord o'rnatmoqchi

Саъд Муҳаммад Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Maktabni tashlab, savodini o'zi chiqargan Sa'd Muhammad "yaratgan" Qur'on 700 metr qog'oz o'ramidan joy olgan.

Sa'd Muhammadning umid qilishicha, o'zigacha hech kim buncha katta Qur'onni yaratishga muvaffaq bo'lmagan va u o'z ijodi mahsulini endi Ginnesning rekordlar kitobiga kiritmoqchi.

Ginnes rekordlar qo'mitasiga ko'ra, shu paytgacha bosma shakldagi eng yirik Qur'onni o'z rekordlari ro'yxatiga kiritib bo'lishgan.

Ammo qo'lda, xattotona bitilgan eng katta nusxasiga guvoh bo'lishmagan.

Uning buncha o'ram qog'ozga Qur'on suralarini bitishi uchun naq uch yil kerak bo'lgan.

Sa'd Muhammad butun xattotlik san'atini ishga solib yaratgan Qur'onini metal g'ildirak o'rnatilgan ulkan yog'och qutiga joylashtirgan.

Uning aytishicha, 700 metrlik Qur'onini yaratish uchun ozmuncha qog'oz ketmagan.

Ammo, agar, so'zlariga ishonilsa, o'rtahol yashashiga qaramay, o'tgan uch yil davomida buning uchun lozim bo'lgan barcha sarf-xarajatlarni faqat o'zi ko'targan.

Boyligi yoki boshqa mol-mulki yo'qligiga qaramay, yakka o'zi bu ishning uddasidan chiqa olgan.

Ayon bo'lishicha, Muhammad Sa'dning, hatto, Ginnesning rekordlar qo'mitasiga murojaat qilish uchun lozim bo'lgan sarf-xarajatga ham puli yo'q.

Hozir bu xususda Misr hukumati va yoki boshqa bee'tibor bo'lmagan tashkilot yoki odamlarning himmatlariga umid qilmoqda.

Muhammad Sa'd Misr poytaxti Qohira shimolidagi Belqina shahrida yashaydi.

Uning xattotlik san'atidan o'z uyi ham bebahra qolmagan, shifti va devorlariga erinmay islomiy naqshlarni solib chiqqan, deya yozadi Britaniyaning nufuzli "Reyter" axborot agentligi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02