Tramp yaqinlari Senat oldida javob beradilar

Катта ва кичик Дональд Трамплар Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

AQSh Prezidenti Donald Trampning o'g'li kichik Donald Tramp, kuyovi Jared Kushner va saylovoldi kampaniyasi rahbari Pol Manafort Rossiya bilan bog'liq mojaro yuzasidan Senat oldida ko'rsatma beradilar.

Tramp endi Frantsiya birinchi xonimi qomatini maqtab, tilga tushdi

Bu gal Polshaning birinchi xonimi Trampni xijolatda qoldirdi

Putin va Tramp ilk bor ko'rishishdi, qo'l siqishishdiJanob Tramp va qarindoshlari 2016 yilgi prezidentlik saylovi payti "Rossiya rasmiylari bilan bog'langanlar" va "Rossiya AQShdagi prezidentlik saylovi yakuniy natijasiga ta'sir ko'rsatgan" degan da'volar bilan bog'liq janjal ostida qolganlar.

Senat oldidagi savol-javobda AQSh prezidenti yaqinlarining rossiyalik rasmiylar bilan uchrashuviga aloqador savollar ko'tariladi.

AQSh Senati, Vakillar Palatasi va Adliya vazirligi maxsus kengash tuzgan va bu kengash Rossiya 2016 yildagi prezidentlik sayloviga chindan ham ta'sir ko'rsatgani yoki yo'qligini tekshirmoqda.

Shuningdek, Donald Tramp atrofidagi odamlar bilan rossiyaliklar o'rtasida maxfiy kelishuv bo'lganmi yoki yo'qmi, degan savolga ham javob izlanmoqda.

O'rtada qandaydir kelishuv bo'lgani haqidagi da'volarni Rossiya tarafi ham, janob Trampning o'zi ham rad etmoqda.

26 iyul kuni kichik Donald Tramp va Pol Manafort Senatning Sud qo'mitasi a'zolari oldida ko'rsatma beradilar.

Oradan ikki kun o'tib Tramp kuyovi Jared Kushner Senatning Istihborot qo'mitasi oldida hozir bo'ladi.

Senatdagi ushbu savol-javoblar iyun oyida Federal Tergov Byurosining lavozimidan bo'shatilgan rahbari Jeyms Komidan keyingi eng yuqori lavozimdagi insonlarning so'roqqa tutilishi bo'ladi.

Xabar qilinishicha, o'tgan yilning iyun oyida Donald Trampga eng yaqin uch kishi Nyu-York shahrida rossiyalik huquqshunos Natalya Veselnitskaya bilan uchrashganlar.

Aytilishicha, janob Tramp guruhiga uning prezidentlik saylovidagi raqibasi Hillari Klintonga qarshi materiallar va'da qilishgan.

Uchrashuvda Sovet josuslik xizmatining sobiq xodimi ham qatnashgani ma'lum bo'lgan.

Chindan ham ana shunday uchrashuv bo'lib o'tganini tan olgan kichik Donald Tramp o'ziga Hillari Klinton haqida va'da qilingan axborotni taqdim etishmaganini aytgan.

Bu Prezident Donald Trampning saylovoldi kampaniyasidagi yordamchilarining rossiyalik shaxslar bilan nodiplomatik muloqotlarining eng kuchli isboti bo'lgan.

19 iyul kuni Natalya Veselnitskaya Rossiyaning Russia Today kanaliga aytishicha, u ham Senat qo'mitasi oldida ko'rsatma berishga tayyorligini aytgan.

Prezident Tramp ilk bor Germaniyadagi yirik 20lik rahbarlarining sammiti payti Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan shu paytgacha xabar qilinmagan muloqot qilganini ma'lum qilgan.

Janob Tramp ta'rificha, kechki ovqat paytidagi Prezident Putin bilan muloqoti "juda nazokatli" bo'lgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Бу мавзуда батафсилроқ