Baxtni pulga sotib olish mumkinmi? Olimlar "ha" demoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Baxtning bahosi siz yashab turgan mintaqaga bog'liq

Biroq AQShning Perdyu universiteti olimlarining tasdiqlashicha, baxtni pulga sotib olish mumkin - olinayotgan daromad miqdori shaxsning hayotdan qoniqish darajasiga ta'sir ko'rsatadi. Hayotdan qoniqmay turib esa o'zini baxtli hisoblab bo'lmaydi.

Lekin bu mavzuning ba'zi noziklar tomonlari mavjud. Baxtning narxi dunyo mintaqalariga qarab o'zgarib boradi va "oltin o'rtalik"ni topish u qadar ham oson emas, degan fikrni ilgari surmoqda tadqiqot guruhi rahbari Endryu Jebb. Topilayotgan daromad miqdori keskin oshib borgani sayin baxt darajasi ham zaiflashib qoladi va shaxs paydo bo'lishi mumkin bo'lgan yoqimsiz holatlarga tayyor bo'lib borishi lozim.

Har bir mintaqadagi baxt va daromad munosabatining oltin o'rtaligini aniqlash uchun Gallup agentligi Perdyu universiteti tadqiqotchilari bilan birgalikda so'rovnoma tashkilladi. So'rovnomada 164 davlatdan 1,7 million odam ishtirok etdi. Baxtni pulga sotib olib bo'lmaydimi? Bu xuddi javob talab qilmaydigan savolga o'xshaydi. Berilgan taqdirda ham javob "yo'q, sotib olib bo'lmaydi" ko'rinishida bo'ladi.

Turli mintaqalarda baxtning o'rtacha narxi (2018-yil), Manba: Gallup
Mintaqa Baxtning o'rtacha narxi (yiliga)
Butun dunyoda $95,000
G'arbiy Yevropa/Skandinaviya $100,000
Sharqiy Yevropa/Bolqon $45,000
Avstraliya/Yangi Zelandiya $125,000
Janubiy-Sharqiy Osiyo $70,000
Sharqiy Osiyo $110,000
Lotin Amerikasi/Karib orollari $35,000
Shimoliy Amerika $105,000
Yaqin Sharq/Shimoliy Afrika $115,000
Tropik Afrika $40,000

Tadqiqotchilar butun dunyodagi baxtning o'rtacha narxi yiliga $95,000 ni tashkil qiladi, degan xulosaga keldilar: aynan shu miqdordagi daromad hayotdan yuqori darajada mamnun bo'lish hissini tuyish uchun yetarli ekan.

Lekin siz o'ziga to'qlikning ma'lum darajasiga yetganingizdan so'ng hammasi o'zgara boshlaydi, xavfdan ogohlantiruvchi signal ishga tushadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Leonardo Patrizi
Image caption Daniya kabi boy davlatlarda o'zingizni baxtli xis qilishingiz uchun ko'p pul kerak

Qoniqarli baxtni yaratishga yetarli daromad darajasiga yetilgandan so'ng oylik maoshning kelgusi o'sib borishi hayotdan mamnunlik darajasining tushib borishiga sabab bo'ladi.

Tadqiqot guruhining xulosasiga ko'ra, daromadning ma'lum chegaradan oshib ketishi va hayotdan qoniqish darajasining tushib borishi o'rtasidagi bog'liqlik shundan iboratki, kerakli darajaga yetgan va daromadi muntazam oshib borayotgan shaxs, endilikda, ko'proq o'zining jamiyatdagi obro'si va o'rni haqida o'ylay boshlaydi, oqibatda xavotirlanish darajasi kuchayib boradi.

Odamlar o'zlarini boshqa o'ziga to'q shaxslar bilan ko'proq solishtira boshlaydilar va o'z moliyaviy holatlaridan qoniqish hissi kamayib boradi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи RichVintage
Image caption Lotin Amerikasi aholisi uchun o'zini baxtli sezishi uchun yiliga $35 ming kerak bo'ladi

"Olingan natijalar shuni ko'rsatadiki, pulning baxt hissini tuyishga o'tkazadigan ta'siri anchayin cheklangan", deydi Jebb.

"Shunday vaqt keladiki, odamlar 'Ishlarim qanchalik yaxshi ketmoqda?" "Boshqalar bilan solishtirganda qanchalik kattaroq natijalarga erisha oldim?" degan savollarni o'ziga ko'proq bera boshlaydi. Televidenie va reklamalar esa to'kis hayot chegara bilmasligi, o'zingizni qancha mol-dunyoga burkamang, ehtiyojlar va istaklarni qondirish uchun pul doim kamlik qilishini miyamizga singdirishdan to'xtamaydi", deydi tadqiqotchi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Endryu Jebbning so'zlariga ko'ra, yuqori daromad keltirib chiqaradigan aks ta'sirlar shaxsning hayotdan qoniqishiga to'sqinlik qiladi.

"Yuqori daromad shaxsda erkinlik va vaqtning kamligini anglatadi. Endi uning ishiga nisbatan majburiyati va mas'uliyati oshib boradi. Natijada shaxsda dam olish va hayotdan lazzatlanishga kam vaqt qoladi", deydi Jebb.

Tadqiqotchilar moliyaviy mamnunlik darajasi va baxtning olinadigan daromadga bog'liqligi turli mintaqalarda keskin farqlanishini ta'kidlamoqda.

Umuman aytganda, mintaqa qanchalik boy bo'lsa, baxtli bo'lishni ta'minlash uchun shuncha yuqori daromad talab qilinadi.

Masalan, G'arbiy Yevropa va Skandinaviyada 'baxtning narxi' $100,000 ni tashkil qilsa, Shimoliy Amerikada bu miqdor $105,000 ga teng.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Katta daromad topish uchun odamlar ko'pincha o'zlarining bo'sh vaqtlari va hatto sog'liqlari bilan badal to'laydi

Tadqiqotga ko'ra, dunyodagi eng qimmat baxt Avstraliya va Yangi Zelandiyada ekan. Bu mintaqada shaxs baxtlilikni his qilishi uchun yiliga $125,000 topishi zarur bo'lsa, Yaqin Sharqda bu uchun $115,000 talab qilinadi.

Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlarida o'zini baxtli his qilishi uchun yiliga anchayin kamroq - $35,000 ishlab topish talab qilinadi.

Endryu Jebb hayotdan mamnunlik darajasi mintaqaning umumiy boyligiga bog'liq ekanligini qayta-qayta ta'kidlaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Ayollar o'zlarini baxtli sezishlari uchun odatda ko'proq pul kerak bo'ladi

"Biroq baxtning tarkibiy qismlari ham har-xil davlatlarda turlicha ekanligini hisobga olish lozim. Masalan, ba'zi davlatlarda moddiy boylikning ahamiyati boshqalardagidan kamroq", izohlaydi tadqiqotchi.

Tadqiqotchilarga ko'ra, shuningdek, moliyaviy baxtga erishish ta'lim darajasi va shaxsning jinsiga ham kuchli bog'liq. Odatdagidek, ayollarga o'zini baxtli his qilish uchun biroz ko'proq pul zarur bo'ladi - yiliga o'rtacha $100,000 (dunyodagi o'rtacha ko'rsatkich). Erkaklar uchun bu raqam yiliga $90,000 ni tashkil qiladi.

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг. Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek

Алоқадор мавзулар