Eron Prezidentining BMTda so‘zlagan nutqi norozilikka sabab bo‘ldi

Mahmud Ahmadinejod
Image caption Ahmadinejod janoblari norozilikka e‘tibor bermay, nutqida davom etgan

BMT sammitida Eron Prezidenti Mahmud Ahmadinejod nutq irod qilayotgan mahal Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari vakillari norozilik bildirib chiqib ketishgan.

Nyu Yorkdagi BMT Bosh assambleyasida gapirgan Eron rahbari ko‘plar 2001 yil 11 sentyabr hujumlari ortida AQSh turganiga ishonishini aytgan. Unga ko‘ra, Amerika Yaqin Sharqdagi manfaatlarini mustahkamlash va Isroilni himoya qilish uchun bu hujumlarni tashkillashtirgan bo‘lishi mumkin.

Norozilib bildirib zalni tark etgan amerikaliklarga Ovro‘po mamlakatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kosta Rika kabi davlatlar vakillari qo‘shilishgan.

Qo‘shma Shtatlar Eron Prezidentining izohlarini "jirkanch va yolg‘on" deya ta‘riflagan.

Ammo, Ahmadinejod janoblari norozilikka pisand qilmay, Sionizm va Isroilga hujum qilishga o‘tgan.

Kapitalizm-'mag‘lubiyat'

Bi-bi-sining diplomatik masalalari bo‘yicha muxbiri Jonatan Markusga ko‘ra, Eron rahbarining nutqi-qisman siyosiy qarg‘ish, qisman va‘z bo‘lib, Prezidentning o‘z dunyo qarashlari taqdimoti bo‘lgan.

Eron rahbari kelgusi yil terrorizm masalasiga bag‘ishlangan anjumanga mezbonlik qilishi mumkinligi va ushbu 2011-yadroviy qurolsizlanish yili bo‘lishi kerakligini aytgan.

Eronning yadroviy qurollar ishlab chiqarmayotgani haqidagi raddiyasini takrorlarkan, janob Ahmadinejod BMT Xavfsizlik Kengashining ayrim a‘zolari "yadroviy quvvatni yadroviy bombalarga tenglashtirganini ta‘kidlagan.

Mahmud Ahmadinejod o‘z nutqida kapitalizm va dunyodagi kuchlar muvozanatini muvaffaqiyatsizlik deya ta‘riflagan va dunyo Payg‘ambarlar kabi sofdil odamlar tarafidan boshqarilishi kerakligini aytgan.

Prezident Ahmadinejod Eron Qo‘shma Shtatlar rahbarlari bilan jiddiy mubohasalar olib borishga tayyorligini bildirsa-da, muxbirimizga ko‘ra, uning nutqi ikki tomon o‘rtasida gaplashiladigan gap oz ekaniga dalildir.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124