Obama xorijiy ko‘mak siyosati isloh qilinishini aytdi

Image caption Obamaning nutqi kamtarona bo‘lganiga qaramay, AQShning yetakchi roliga ishora qildi

Prezident Barak Obama BMT sammitida nutq so‘zlar ekan, AQShning xorijiy ko‘mak bo‘yicha ishlab chiqarilgan yangi siyosati xukumatlarning samaraligiga e‘tibor berish, hamda savdo va sarmoyani rag‘batlantirish bilan mamlakatlarni qashshoqlikdan xalos qilishga yordam berishini aytgan.

Janob Obama ming yillik taraqqiyot masadlari bo‘yicha Nьyu Yorkda o‘tayotgan BMT sammitida asosiy e‘tibor tobe‘likka emas, balki taraqqiyotga qaratilishi kerakligini aytdi.

Biroq, dedi u, qashshoq mamlakatlarga yordam berish AQSh manfaati bo‘lib qoladi.

Uning aytishicha, AQSh millionlab odamlarni qashshoqlikdan xalos qilishda o‘z vazifasini bajaradi.

Ammo, ming yillik taraqqiyot maqsadlariga erishish uchun faqat besh yil qolar ekan, janob Obama jahon dadilroq amal qilishi kerakligini aytdi.

Ming yillik taraqqiyot maqsadlari 2000 yilda qabul qilingan bo‘lib, ular sirasiga sog‘liqni saqlash sohalarini yaxshilash, ko‘proq odamlar uchun ta‘lim olish imkoniyatlarini yaratish va ayollar uchun tenglikni ta‘minlash maqsadlari kiradi.

"Agar xalqaro hamjamiyat eskicha yo‘lda amal qilishda davom etsa, ko‘p taraqqiyot maqsadlarimizga erisha olmay qolamiz," - dedi janob Obama.

"Millionlab otalar oilalarining qornini to‘ydira olmas ekan, bu vaziyat beqarorlik va qonli ekstremizmga yetaklovchi kayfiyatga olib keladi," - dedi u qashshoq mamlakatlarga yordam haqida gapira turib.

U AQSh beradigan xorijiy ko‘mak tizimi isloh qilinishini aytdi.

Obama janoblariga ko‘ra, endilikda AQSh ma‘muriyati qashshoq mamlakatlarning iqtisodlarini uzoq muddatga rivojlantirish uchun ana shu mamlakatlar hukumatlari bilan hamkorlik qiladi.

"Sarmoya va savdo uchun qulay sharoitlarni yaratishni istagan mamlakatlarga yordam beramiz," - dedi u.

U, shuningdek, demokratiya va samarali hukumat idoralari rag‘batlantirilishi, korruptsiyaga qarshi kurash olib borilishini aytdi.

Bi-bi-sining diplomatik masalalar bo‘yicha muxbiri Jonatan Markusga ko‘ra, Obamaning nutqi ancha kamtar bo‘ldi, go‘yoki u o‘z nutqi bilan Amerika boshqalarga quloq tutishga tayyor, ammo baribir liderlik qilish istagida degan ishorani bermoqchi edi.

Avvalroq BMT kelgusi besh yil ichida 16 million onalar va bolalarning hayotini saqlab qolish uchun qaratilgan 40 milliard dollarlik yangi tashabbusni e‘lon qildi.