Pokistonda NATO tankerlari yana hujumga tutildi

Pokistondagi qurollilar Afg‘onistondagi NATO kuchlariga yoqilg‘i olib ketayotgan kamida 10 ta tankerga o‘t qo‘yishgan.

Janubi-g‘arbiy Kvetta shahrida amalga oshirilgan pistirmada haydovchilardan biri nobud bo‘lgan.

Pokiston hukumati Afg‘onistonga ta‘minot yetkazuvchi asosiy yo‘llardan birini yopib qo‘yganidan beri yoqilg‘i tankerlariga qarshi hujumlar soni ko‘paygan.

Islomobod hali Xaybar davoni qachon qayta ochilishini ma‘lum qilmagan.

Politsiyaning aytishicha, chorshanba kuni ertalab Kvetta chetida to‘xtagan tankerlarga yuk avtomobilida kelgan 14 qurolli o‘t ochgan.

Yoqilg‘i avtomobillari Afg‘onistonga olib boruvchi kichikroq chegara kesish nuqtasiga yetib borishi kerak bo‘lgan.

Pokistondagi Tolibon harakati pistirmani o‘zi uyushtirganini aytgan. Bu olti kun ichida NATO ta‘minot karvoniga qarshi uyushtirilgan to‘rtinchi hujumdir.

Seshanba kuni Xaybar qavm hududida neft tankeri bomba vositasida nishonga olingandi. Juma kuni esa, Sindh viloyatida 30 yaqin NATO yuk avtomobillariga o‘t qo‘yib ketildi.

'Boshqa tanlov'

NATOning aytishicha, yuk avtomobillari Afg‘onistondagi xorij qo‘shinlariga yoqilg‘i, harbiy mashinalar, ehtiyot qismlar, kiyim-kechak va boshqa noharbiy jihozlarni yetkazish uchun Pokistondan o‘tishayotgan bo‘lgan.

To‘rxam chegara nuqtasining yopib qo‘yilishi Pokiston va Amerika o‘rtasidagi munosabatlarni taranglashtirgan.

Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan NATO yetakchiligidagi kuchlar dushanba kuni hujumlar o‘z amaliyotlariga hali ta‘sir ko‘rsatmagani, ammo "boshqa tanlovlarni ko‘rib" chiqishayotganini aytishgandi.

NATO kuchlari uchun ta‘minot yuklari Afg‘oniston shimoliga O‘zbekiston va Tojikiston orqali olib kelinishi mumkin.

Pokistondagi NATO foydalanadigan boshqa bir asosiy chegara nuqtasi-Chaman ochiq qolmoqda. Ammo, bu yo‘l Kobulga ta‘minot yetkazish uchun qulay emasligi aytiladi.

Бу мавзуда батафсилроқ