Rossiyada militsiyani 'politsiya'ga aylantirishga oid yangi qonun muhokama qilinmoqda

Rossiya militsiyasi

Prezident Medvedev Rossiya militsiyasini "politsiya"ga aylantirmoqchi. Bugun "Politsiyaga oid" qonun loyihasi muhokima uchun Rossiya quyi parlamentiga oshirilgan.

Rasmiylar yangi qonun politsiya tizimini ijobiy tomonga o‘zgartirishini urg‘ulashadi.

Joriy yil avgustida "militsiyaga oid qonun" loyihasi muhokamasi paytida Prezident Medvedev Rossiyada Oktyabr revolyutsiyasidan oldingi "politsiya" nomiga qaytish taklifini oldinga surdi.

"Bizga professional kishilar kerak. Bizga samarali, halol va ahil ishlashga qodir bo‘lgan xodimlar lozim. Shuning uchun ham, men militsiya nomini o‘zgartirib, ilgarigi politsiya nomiga qaytishimiz vaqti keldi, deb o‘ylaman", deb aytgan Dmitriy Medvedev.

"Politsiyaga oid" qonunda politsiya xodimi har bir ushlangan shaxsga uning huquqiy yordam olishi, o‘z yaqinlariga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilishi va tarjimon olishga haqqi borligidan ogoh etishi lozim.

Bundan tashqari ushlangan shaxsga 3 soat davomida politsiya ushlagani va qayerda ekanligi haqida o‘z yaqinlariga bir marta telefon orqali xabar berish huquqi belgilangan.

Qonun loyihasida "politsiya xodimining qonuniy talabi fuqarolar va vazifali shaxslar tomonidan bajarilishi shart" degan bo‘limi huquq himoyachilari qattiq xavotirligiga sabab bo‘lgandi.

Ayni vaqtda Moskvadagi Inson huquqlari instituti "Boshpana huquqi" loyihasi rahbari Yelena Ryabininaning fikricha, yangi qonun Rossiya politsiya tizimini ijobiy tomon o‘zgartiradi deyish mushkul...

"Menimcha, militsiya nomini o‘zgartirish bilan, uning asl ma‘nosi o‘zgarmaydi. Yangi qonunda o‘zgarishlar ko‘p deb aytish ham qiyin. Militsiya ushlagani haqida yaqinlariga sim qoqish, advokat olish huquqlari oldingi qonunda ham bor edi. Bu yerda eng muhimi qonunda yozilgani emas, uning amalda bajarilishidir. Afsuski, Rossiyada militsiya xodimlari ko‘p hollarda ushlangan shaxs haq-huquqlarini paymol etishadi",- Yelena Ryabinina.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rossiyada militsiya zo‘ravonligidan, xususan, mehnat muhojirlari aziyat chekishadi.

Moskvada ishlayotgan Tojikistonlik Samandarning aytishicha, politsiyaga oid yangi qonun xorijiylarga yaxshilik keltirmaydi.

"Militsiyaga tushsangiz, eng avval sizni telefoningizni olishadi. Chunki, siz telefonga biror narsa yozib olishingizdan qo‘rqishadi militsiya xodimlari. Keyin bizga o‘xshagan migrantlarni so‘kishadi, joyi kelsa, urishadi ham. Men Rossiya militsiyasiga ham, politsiyasiga ham ishonmayman",- deydi Samandar.

Hozirda Moskvada yashayotkan O‘zbekistonlik hukuqshunos Svetlana Abdulloxo‘jayeva esa, yangi qonun militsiya tizimini yaxshilashi mumkin degan fikrda.

"Menimcha, militsiyani politsiyaga o‘zgartirishdan hech kim zarar ko‘rmaydi. Bu to‘g‘ri qilingan ish. Agar politsiyaga oid yangi qonun, haqiqatan ham amalda bajarilsa, Rossiyada militsiya tomonidan zo‘ravonliklar kamayadi", -deydi huquqshunos Svetlana Abdulloxo‘jayeva.

"Politsiyaga oid" qonun Rossiya quyi parlamenti tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, 2011 yilning 1 martidan boshlab kuchga kiradi.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124