'Amerika Afg‘onistonni qayta qurishga ajratilayotgan pullar qayerga ketayotganini bilmaydi'

AQSh 2001 yildan beri AFg‘oniston uchun 55 milliard dollar sarflagan
Image caption AQSh 2001 yildan beri AFg‘oniston uchun 55 milliard dollar sarflagan

Qo‘shma Shtatlar hukumati agentliklari 2007-2009 yillarda Afg‘onistonni qayta qurish loyihalariga qariyb 18 milliard sarflashgan.

Bu haqda Afg‘onistonni qayta qurish bo‘yicha maxsus bosh nazoratchi idorasi chiqargan hisobotda aytilgan.

Hisobotga ko‘ra, pul 7 mingga yaqin kontraktorlarga taqsimlab berilgan.

Ammo, mablag‘larni sarflash ishlari yaxshi muvofiqlashtirilmagan va bu boradagi ma‘lumotlar yaxshi saqlanmagan.

Pentagon ham, Amerikaning USAID-Xalqaro taraqqiyot boshqarmasi ham o‘zlari qancha pul sarflaganlari va bu pullarni kimlar qabul qilib olgani haqida aniq javob bera olmaganlar.

Afg‘onistonni qayta qurish bo‘yicha maxsus bosh nazoratchi idorasi mazkur amaliyotlarni o‘ta chalkash deya ta‘riflagan.

Biroq, idora ma‘lum miqdordagi pulning qayerga ketganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Image caption Afg‘on politsiyasi tayyorlovdan o‘tkazish ishlari uchun Amerika qariyb 2 milliard dollar ajratgan

Eng yirik qariyb 2 milliard dollarlik kontrakt AQShning DynCorp shirkati bilan tuzilgan va bu mablag‘ politsiyani tayyorlovdar o‘tkazish hamda giyohvand moddalarga qarshi kurash ishlariga sarflangan.

Kobuldagi qurilish shirkati idoralar va kazarmalar qurish uchun qariyb 700 million dollar olgan.

2001 yildan beri AQSh Afg‘oniston uchun 55 milliard dollar sarflagan.

Ammo, Afg‘onistonni qayta qurish bo‘yicha maxsus bosh nazoratchi idorasi hisob-kitoblar yaxshi saqlanmagani bois 2007 yildan oldingi yillardagi amaliyotlar bo‘yicha ma‘lumotlarni aniqlay olmagan.

Idoraning boshqa bir hisobotida aytilishicha, afg‘on politsiyasi uchun 6 binoning barpo etilishi amerikalik soliq to‘lovchi uchun 5 yarim million dolllarga tushgan. Biroq, bu ushbu inshootlar foydalanishga yaroqsiz ekani aytiladi.

Helmand va Qandahorda barpo etilgan ushbu qurilishlar sifati yomonligi va zilzila bo‘lgan taqdirda qulab tushishi mumkinligi aytiladi.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124