Rossiyada irqchi qotil umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

Image caption Rossiyada irqchilik oxirgi yillarda tobora ko‘proq bo‘y ko‘rsatayotgani aytiladi.

Rossiyada irqchilik asosida 15 insonni o‘ldirgan Vasiliy Krivets umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

Mahkama shuningdek Krivetsga yarim million dollardan ko‘proq jarima tayinladi va qurbonlarning oilalariga tovon to‘lashni buyurdi.

Krivetsga qotilliklarda sherik bo‘lgan Dmitriy Ufimtsevga 22 yillik qamoq jazosi belgilandi.

Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, ularning ikkisi ham "Oq bo‘rilar" nomli irqchi guruh a‘zolari bo‘lishgan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, Krivets Moskvada eng shafqatsiz yoshlar tashkilotini tuzishga muvaffaq bo‘lgan.

Guruh a‘zolari Markaziy Osiyo, Qavqoz va Turkiyadan muhojirlarni nishonga olganlar.

Pichoq, temir truba va bolg‘alar bilan qilingan bu hujumlar mobil telefon orqali tasvirga tushirilib, keyinchalik Internet orqali tarqatilgan.

Krivetsning Tojikiston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya va Rossiya fuqarolari bo‘lgan 15 shaxsning o‘limida ishtiroki mahkamada o‘z tasdig‘ini topdi.

Dmitriy Ufimtsev besh qotillikda qo‘li borligini tan olgan, ammo Vasiliy Krivets o‘ziga qo‘yilgan ayblarning hammasini rad etgan.