Respublikachilar Amerika quyi parlamenti ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi

AQShda o‘tkazilgan oraliq saylovlarda qudratdagi Demokratik partiya Vakillar Palatasidagi aksar o‘rinlarni yo‘qotdi, biroq ular Senatda hamon ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ushbu saylovlar natijasi amerikaliklarning Prezident Barak Obamaning saylovoldi va‘dalarini bajara olmadi, deya hafsalalari pir bo‘lganining belgisi deb ko‘rilmoqda.

Endi Vakillar palatasida 239 o‘rinni Respublikachilar, 183 o‘rinni Demokratlar egallaydi.

Amerika parlamenti yuqori palatasidagi Demokrat senatorlar soni 51, Respublikachilar 46 nafar bo‘ladi.

Vakillar palatasi spikeri Respublikachi Jon Bener bo‘ladi.

Prezident Barak Obama Jon Benerga qo‘ng‘iroq qilgan, ikkovi "umumiy jihatlarni topa olishlariga" umid bildirgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Respublikachilar nazorati ostidagi Vakillar Palatasida janob Obamaning yangi qonun loyihalarini ma‘qullovdan o‘tkazish mushkul bo‘lishi mumkin.

Muxbirlarning yozishlaricha, oraliq saylovlarda Respublikachilar asosiy e‘tiborni qudratdagi partiyaning iqtisodiy xatolariga qaratganlar.

Ular janob Obamani "byudjet mablag‘larini talon-taroj qilishda" aybladilar.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, amerikaliklar ikki yil ilgari Demokratlarga umid bog‘lashar ekan, Barak Obama prezident etib saylansa, iqtisodiy inqiroz oqibatlarini qisqa vaqt mobaynida bartaraf etadi, deb o‘ylashgan.

Shuningdek, oddiy amerikalik fuqarolar Demokratlar Respublikachilar hukmronligi yillarida yig‘ilib qolgan ijtimoiy muammolar hal etadilar, deb bilishgan.

Bugunga kelib ko‘pchilik Prezident Obama saylanishidan oldin e‘lon qilgan dasturini hayotga tatbiq etishning uddasidan chiqa olmadi, degan fikrda.

2 noyabr kuni Amerikada Vakillar Palatasi a‘zosi va senatorlar bilan birga ayrim shtatlar gubernatorlari ham saylangan.