Britaniya: Eronning terrorchilar dastaklovi haqidagi ayblovi asossiz

Image caption Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ushbu ayblovni Eron hukumati tomonidan navbatdagi tuhmat deb atagan

Eron ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, britaniyalik kishi Eron hududida qotilliklar uyushtirgan va bu qotilliklarni sodir etgan to‘rt shaxs ayblarini bo‘yinlariga olgan. Britaniya Eron ayblovini rad etdi.

Eronning davlat nazoratidagi telekanali xabar qilishicha, Britaniyada yashaydigan Jalil Fattohiy ismli kishi Eronda insonlarni o‘ldirish uchun mablag‘ bergan.

Mahalliy matbuot "Britaniya bilan bog‘liq terrorchilar" Marivan shahrida qo‘lga olingani haqida xabar qilgan.

"Eron xavfsizlik kuchlari bu to‘rt kishi yonida bir necha qurol va ularning Jalil Fattohiy terrorchi guruhiga aloqadorligini tasdiqlaydigan hujjatlarni topganlar", deya xabar qilgan "Al-Alam" telekanali.

Bunga javoban Britaniya Tashqi ishlar vazirligi raddiya e‘lon qildi.

"Eronning London qandaydir noqonuniy harakatlarga bog‘liqligi haqidagi ayblovlari butkul asossiz", deyiladi Britaniya tashqi siyosat idorasi bayonotida.

"Buyuk Britaniya na Eron hududida, na dunyoning boshqa biror joyida terrorchilik harakatini amalga oshirishni dastaklaydi. E‘lon qilingan bayonot esa Eron hukumati tomonidan Buyuk Britaniya nomiga qilinayotgan navbatdagi tuhmat deb qabul qilinadi", deyiladi bayonotda.

Eron matbuotiga ko‘ra, hibsga olingan to‘rt kishi oxirgi ikki yil davomida go‘yo besh buyurtma qotillikni sodir etganlar.

Ular Britaniyada yashaydigan Jalil Fattohiydan odam o‘ldirish borasida ko‘rsatma olganini tan olganlar, ularga buning uchun 20 ming dollar va‘da qilingan, deb xabar qiladi mahalliy ommaviy axborot vositalari.

Hibsdagi to‘rt shaxs odam o‘ldirganlari uchun va‘da qilingan mablag‘ning yarmini olganliklarini tan olganliklari haqida xabar qilingan.