Rossiyada jurnalistning qattiq kaltaklanishi xavotirlarga sabab bo‘ldi

Oleg Kashin
Image caption Rossiya huquq-tartibot organlariga ko‘ra, jurnalistning kaltaklanishiga kasbiy faoliyati sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin

"Kommersant" ro‘znomasi muxbiri Oleg Kashinning qattiq kaltaklangani Rossiya jurnalistlari va huquq faollari qattiq xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Prezident Medvedevga yo‘llangan murojaatnomada Oleg Kashin hamda boshqa jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar har tomonlama tergov etilishi talab etilgan.

Rossiya huquq-tartibot organlariga ko‘ra, jurnalistning kaltaklanishiga kasbiy faoliyati sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan hafta oxirida jurnalist Oleg Kashin o‘z uyi oldida ikki noma‘lum shaxs tomonidan qattiq kaltaklanib ketilgandi. Shifoxonada jurnalistning ahvoli hanuz og‘ir ekanligi aytiladi.

Shifokorlarga ko‘ra, 30 yoshli jurnalistning miyasi chayqalgan, bir oyog‘i, jag‘lari sindirilgan va qo‘l barmog‘lari qattiq jarohatlangan.

U shifoxonada bir necha jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan.

Rossiya prokuraturasi tergov qo‘mitasining maxsus vakili Vladimir Markinning aytishicha, suyuqasd bo‘yicha turli taxminlar o‘rganilmoqda.

"Fojea bo‘yicha biz turli taxminlarni o‘rganmoqdamiz. Jumladan, Oleg Kashin jurnalistik faoliyati bois kaltaklanganiga oid taxmin ham shular qatorida. Kashinning jurnalistik faoliyati va o‘z internet-blogida bildirgan fikrlari, eng asosiy taxmin sifatida ko‘rilmoqda", deb aytdi Vladimir Markin.

"Kommersant" ro‘znomasining siyosiy masalalar bo‘yicha bo‘lim muharriri Gleb Cherkasovning aytishicha, Oleg Kashinga nisbatan suyuqasdga u yozgan maqolalar sabab bo‘lgani aniq.

"Hujum jurnalistdan qasd olish va qo‘rqitishga qaratilgan. Hujumchilar maqsadi - Oleg bundan buyon yurmasligi uchun uning oyoqlari sindirilgan, boshqa gapira olmasligi uchun jag‘lari sindirilgan, boshqa maqola yozolmasligi uchun uning barmoqlari sindirilgan. Bu nafaqat Oleg Kashinga, balki uning hamkasblariga qaratilgan ogohlantirish amaliyotidir. Agar Rossiya hokimiyati va jamiyati tomonidan bunday hodisalarga chek qo‘yilmasa, mamlakat kelajagi juda yomon bo‘lishi mumkin", deydi jurnalist Gleb Cherkasov.

O‘z navbatda Prezident Dmitriy Medvedev, Oleg Kashinning kaltaklangani bo‘yicha ochilgan jinoiy ish Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka va Ichki ishlar vaziri Rashid Nurgaliyevlar tomonidan maxsus nazorat ostiga olinishiga buyruq bergan.

Kuzatuvchilar Kommersant ro‘znomasiga nisbatan suyuqasd Rossiya jamiyatida so‘z erkinligi va jurnalistlarga bo‘lgan munosibatning yaqqol aks ettirishiga ishora etishadi.

Siyosiy fanlar doktori Aleksey Binetskiyning fikricha, Rossiyada jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati fosh etilmaydi.

"Oleg Kashin Rossiyada qattiq kaltaklangan birinchi jurnalist emas. Afsuski, Rossiyada bunday hollar nihoyatda ko‘p uchraydi. Xususan, Rossiya uzoq mintaqalarida jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati fosh etilmaydi", - deydi siyosatshunos Aleksey Binetskiy.

Ayni damda ko‘pchilik kuzatuvchilar "Kommersant" muxbiriga nisbatan suiqasdni buyurgan shaxslar qo‘lga olinishiga shubha bildirishadi...

Mustaqil manba‘lar hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Rossiyada 8 nafar jurnalist o‘ldirilgan va 40 ortig‘i kaltaklangan.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124