Moskvadagi mehnat muhojiri soni qancha va ular qancha maosh olishadi?

Rossiyadagi muhojir ishchilar
Image caption Mehnat muhojirlari eng qiyin va eng kam maosh to‘lanadigan ishlarga rozilar

Shu hafta Moskva meri topshirig‘i bilan shahar mehnat departamenti 2010 yilda xorij fuqarolariga berilgan ish ruxsatnomalari haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etdi. Ushbu ma‘lumotlar mehnat muhojirlarini mamlakatlar va professional guruhlarga tasniflash imkonini beradi. Unda xususan qaysi mamlakatdan kelgan muhojirlar ko‘proq daromad topishlari ham oydinlik kiritilgan.

Moskva rasmiylari ixtiyoridagi hujjatlarda 250 ming mehnat muhojiri haqidagi batafsil ma‘lumotlar bor.

Bu kishilar qaysi mamlakatlardan Rossiyaning poytaxtiga borishgan, qaysi korxona-tashkilotda kim bo‘lib ishlaydilar, qancha maosh oladilar - hammasi qayd etilgan.

Moskva rasmiylari 2010 yildagi migrantlar soni 250 ming bo‘lsa, kelasi yilda ularning sonini 200 ming tushirmoqchi ekanlari ma‘lum qilingan.

Ushbu statistik ma‘lumotlar tahliliga ko‘ra, Moskvada mehnat bilan band bo‘lgan xorijliklarning bir oylik o‘rtacha maoshi 28321 Rossiya rubli yoki 900 AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Bu Moskvadagi o‘rtacha maoshdan ancha kam.

Bu yil moskvaliklarning o‘rtacha maoshi 39000 Rossiya rubli yoki 1240 AQSh dollarini tashkil etipti.

Tahlilchilar 900 dollarlik o‘rtacha maoshga ayrim chet ellik firma-kompaniyalarning rahbarlari maoshi ham kirib ketganini aytishadi, agar oyiga 2 million Rossiya rubli miqdorida oylik ish haqi oladigan insonlar daromadi chegirilsa, mehnat muhojirlarining o‘rtacha ko‘rsatkichi ancha pastga tushib ketadi.

Rasman Moskvada ishlash huquqiga ega mehnat muhojirlarining qariyb 50 foizi 10 ming bilan 15 ming Rossiya rubli o‘rtasida oylik maosh olishi hujjatlarda ko‘zga tashlanadi.

Rossiyaning poytaxtida rasman ro‘yxatdan o‘tib ishlayotgan eng ko‘p xorijliklar Tojikiston fuqarolari ekan, ularning soni bu yil jami mehnat muhojirlarining 19 foizini tashkil etgan.

Ikkinchi o‘rinda o‘zbekistonliklar bo‘lib, ular 18 foizni tashkil etipti.

Ko‘pligi bo‘yicha ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarolaridan keyin Ukraina, keyin Moldova, so‘ng Qirg‘iziston, undan keyin Turkiya fuqarolari turar ekan.

Moskvada maoshlarining ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda yaponlar turar ekan.

Yaponiya fuqarolariga har oyda o‘rtacha 96 ming rubl yoki 3 ming AQSh dollaridan ziyod maosh to‘lanadi.

Bu ro‘yxatda keyin britaniyaliklar, amerikaliklar, Avstraliya, Yangi Zelandiya Kanada fuqarolari joylashganlar.

Kuzatuvchilar Moskvaning yangi meri Sergey Sobyaninning shaharda noqonuniy mehnat muhojirlari ko‘payib ketgani, ular soni ikki million atrofida degan bayonotini oshirib ko‘rsatish bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydilar.