AQShning Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus elchisi Richard Holbruk dunyodan ko‘z yumdi

Amerikaning Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus elchisi Richard Holbruk 69 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Amerikalik ko‘zga ko‘ringan diplomatning o‘limiga yirik qon tomirining yorilib ketishi sabab bo‘lgan. Jarrohlik amaliyotlari ish bermagan.

Richard Holbrukning sog‘lig‘i o‘tgan juma kuni, AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton bilan muzokaralar olib borayotgan chog‘ida to‘satdan yomonlashgandi.

Buning ortidan janob Holbruk zudlik bilan Jorj Vashington nomidagi kasalxonaga yetkazilgan va uning yorilib ketgan arteriya qon tomirini tiklash uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandi.

Uning o‘limi ortidan ham Afg‘oniston va ham Pokiston prezidentlari o‘z ta‘ziyalarini izhor etib chiqishgan.

Richard Holbruk AQSh ma‘muriyati Afg‘oniston va Pokistonga oid yangi strategiyasini e‘lon etishga hozirlik ko‘rayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Amerika Prezidenti Barak Obama, "o‘z mamlakatini yanada kuchliroq, xavfsizroq va hurmatliroq qilgan Amerika tashqi siyosatining asl nahangi o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanini" bildirgan.

Richard Holbrok 2009 yilda AQShning Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus elchisi deb tayinlangandi.

Yangi lavozimga tayin etilishi ortidan janob Holbruk "al-Qoida" tarmog‘i va Tolibon jangarilariga qarshi kurashda Kobul va Islomobodni hamkorlikda ish olib borishga ko‘ndirish kabi og‘ir vazifaga boshchilik qilgandi.

Richard Holbruk afg‘on hukumatidagi korruptsiya u yerdagi AQSh harbiy amaliyotlarining muvaffaqiyati yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri ekanini ham aytgandi.

Bundan ham tashqari, janob Holbruk harbiy yo‘l - afg‘on mojarosining yechimi emasligini ta‘kidlab kelgan siyosatchilardan biri edi.

Janob Holbruk Afg‘oniston mojarosiga siyosiy yechim topish va Tolibon bilan muzokaralarga borish tarafdori bo‘lgan.

Agar Afg‘onistonda qachondir bu ish amalga oshgudek bo‘lsa ham, bu - Richard Holbruk xizmatlarining natijasi bo‘lishi aytiladi.

Qurolli nizolarga yechim topish yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan marhum siyosatchi 1995 yilda Serbiya, Xorvatiya va Bosniyaning ham boshini bir yerdan qovushtirib, tinchlik bitimini imzolatishga muvaffaq bo‘lgan.

Tahlilchilar esa, janob Holbruk hayot bo‘lganida, hatto, AQSh Davlat kotibi bo‘lishi mumkinligini ham tan olishadi.