Moskvadagi tartibsizliklarda mingtacha odam hibsga olingan

Image caption Butun Moskva markazi bo‘ylab militsiya kuchlari joylashtirilgan

Rossiya poytaxti Moskvada chorshanba kuni kechga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlarining rus millatchilari va aksari qofqozliklardan iborat olomonlar vakillari bilan to‘qnashuvlar yuz bergan.

Moskva shahrining bir necha joylarida to‘qnashuvlar ro‘y bergani haqida xabarlar olinmoqda.

Poytaxt militsiyasi mingtacha odam hibsga olingani haqida ma‘lum qilgan.

Moskva ko‘chalarida avtomobil yo‘llarida transport harakatlanishi haddan ziyod qiyinlashgan, hatto tartibsizliklar oldini olishga safarbar etilgan militsiya xodimlari hodisa joyiga metro orqali yetib borishga majbur bo‘lganlar.

Moskva militsiyasidan bildirishlaricha, rus millatchilari "Kivskaya" vokzali yaqinida to‘planganlar.

Qo‘lga olinganlardan ayrim o‘qotar qurollar, pichoqlar, to‘qmoqlar, armatura bo‘laklari tortib olingani xabar qilingan.

Butun Moskva bo‘ylab xavotirli kayfiyat paydo bo‘lgan, odamlar ko‘chalarga chiqishga qo‘rqib qolganlar.

Rossiyadagi qator xorijiy davlatlar elchiliklari, shu jumladan, O‘zbekiston elchixonasi ham o‘z fuqarolarini ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirganlar.

Yangi tartibsizlarga Moskvadagi "Spartak" futbol klubi ishqibozi Yegor Sviridovning asli Shimoliy Qofqozning Kabardin-Bolqor respublikasidan bo‘lgan Aslan Cherkesov tomonidan otib o‘ldirilgani sabab bo‘lgan.

Yegor Sviridov va uning sheriklari hamda Aslan Cherkesov o‘rtasida kelib chiqqan to‘qnashuvda Sviridov pnevmatik to‘pponchadan boshiga otilgani sababli hayotdan ko‘z yumgan, bir necha kishi jarohatlangan.

Rus futbol ishqibozining o‘limi Rossiyada qofqozlik hamda markaziy osiyoliklarga qarshi yangi irqchilik hujumlariga sabab bo‘ldi.

Shanba kuni rus millatchilari Yegor Sviridov xotirasiga norozilik chiqishlari militsiya kuchlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Shundan keyingi kunlarda Qirg‘iziston fuqarosi Alisher Shamshiyev o‘ldirilgan, 30 dan ziyod qofqozliklar jarohatlangan.

Chorshanba kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ham 60 tacha kishi, Samarada 100 kishi hibsga olingani xabar qilingan.

Xabar qilinishicha, 300 atrofida yosh rus millatchilari "Kiyevskaya" vokzali yonidagi savdo markazida to‘plangan, ular katta avtomobil yo‘lini to‘sishga uringanlar.

Butun Moskva markazi bo‘ylab militsiya kuchlari joylashtirilgan.

Rossiyadagi milliy ozchiliklar vakillari o‘zlarini tahqirlash davom etayotgani haqida shikoyat qilishayotgan bir paytda, ayrim rus millati vakillari rasmiylarni ruslarga qarshi sodir etilgan jinoyat ahamiyatini pasaytirishga urinishda ayblashadi.

Moskvadagi hibslat haqidagi videolavhani tomosha qiling