AQSh Senati yadroviy qurolsizlanishga oid yangi bitimni ratifikatsiya qilishi mumkin

Image caption Obama va Medvedev yangi shartnomani o‘tgan aprel oyida imzolashgandi

Amerika Senati Rossiya bilan yadroviy qurolsizlanishga oid yangi bitim uchun so‘nggi bor ovoz berishi kutilmoqda. Start deb nomlangan yangi shartnoma ratifikatsiyasiga yo‘l ochadi.

AQSh va Rossiya Prezidentlari Barak Obama va Dmitriy Medvedev o‘tgan aprel oyida Chexiya poytaxti Pragada imzolagan shartnoma sovuq urushdagi sobiq raqiblarga strategik yadroviy kallaklar sonini 1550 taga qisqartirish majburiyatini yuklaydi.

Bu avvalgi bitimdagidan 30 foizga kam, demakdir. Har ikki mamlakat qonun chiqaruvchilari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, bitim 1991 yilda imzolangan Start-Strategik Qurollarni Kamaytirish Bitimining o‘rnini egallaydi.

Hujum Qurollarini qisqartirish shartnomasi 1991 yilning oxirgi kunlarida SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov va AQSh Prezidenti Jorj Bush tomonidan imzolangan edi.

Ushbu bitimga binoan, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya shu davr mobaynida yadroviy kallakli hamda strategik hisoblanmagan kallakli raketalari sonini qariyb yarmiga qisqartirganlar.

Uning amal qilish muhlati 2009 yilning 5 dekabrida yakun topgan.

Uzoq davom etgan muzokaralar ortidan ikki mamlakat rahbarlari "Sovuq urush" davridagi shartnoma o‘rnini egallaydigan yangi hujjatni imzolashgan esa-da, hozirgacha Senat yangi bitimni tasdiqlamay kelayotgandi.

Shartnoma ratifikatsiya qilinishi uchun senatorlarning uchdan ikki qismi dastagi lozim.

Respublikachi senatorlar shartnoma Amerikaning mudofaa imkoniyatlarini cheklashidan xavotir bildirishgandi.

18 dekabr kuni o‘zining haftalik millatga murojaatida janob Obama shartnomani zudlik bilan tasdiqlash chaqirgandi.

Yadroviy qurolsizlanishga oid yangi bitimning ratifikatsiya qilinishi buning "o‘ta muhim" ekanini aytayotgan Prezident Obama va demokratlar uchun g‘alaba bo‘ladi.