2010 yili Afg‘onistonda afyun narxi deyarli uch baravarga qimmatladi

Ko'knori

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida afyun narxi deyarli uch baravarga qimmatlagan.

Ular dehqonlarni ko‘knori ekishdan voz kechishiga ko‘ndirish bu yil yanada qiyin bo‘lishini aytadilar.

Afg‘oniston dunyodagi afyunning 90 foiziga yaqinini yetishtiradi.

Ko‘knori Tolibon harakatining asosiy daromad manbai hisoblanadi.

Afg‘oniston Narkotiklarga qarshi kurashish vazirining muovini Muhammad Ibrohim Azharning aytishicha, 2010 yilda afyun narxi keskin tarzda qimmatlagan.

Muhammad Ibrohim bangivor moddalar narxining oshishiga asosan qurg‘oqchilik sabab bo‘lganini aytadi.

Ko‘knori narxining qimmatlashuvi dehqonlarni kamroq daromad beruvchi boshqa mahsulotlarni yetishtirishga ko‘ndirishni qiyinlashtiradi.

Hozirda 9.7 million afg‘on ko‘knoridan olingan daromad hisobiga kun ko‘radi. Ushbu daromad Tolibonni moliyalashga ham xizmat qiladi.

Janob Azhar dehqonlarni ko‘knori yetishtirishdan to‘xtatib qolish uchun ularni ko‘proq moliyalashga chaqirdi.