Bu gal masjid qurilishi Kaliningradda noroziliklarga sabab bo‘lmoqda

Rossiyaning Kaliningrad shahridagi xiyobonlarning birida masjid qurish rejasi bir emas, uch bor norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan.

Ko‘psonli namoyishlarning navbatdagisi esa, 16 yanvar kuniga rejalangan.

"Xiyobonga hech kim daxl qilmasligi lozim. U yer shaharliklar mazza qilib hordiq chiqaradigan joy. Xiyobon har doim bolalar va nafaqaxo‘rlarga to‘la. Xiyobonni buzishga hech kimning haqqi yo‘q," deydi faol namoyishchilardan biri Olьga Suyevalova.

Boshqalari esa, noroziliklarining asl sababini yashirib ham o‘tirishmaydi.

"Agar bu yerda pravoslav cherkovi qurilganda, boshqa gap edi. Kaliningrad viloyati musulmon mintaqasi emas. Shahar markazida masjid qurib, nima kerak. Marhamat, chekkasida qurishsin, hech bir qarshiligim yo‘q. Faqat bu yerda emas," deydi Eduard.

Olьga ham bir chetda qarab turmaydi.

"Men uzoq vaqtlar Markaziy Osiyoda yashaganman. U yerda chetdan kelganlar mahalliy shart-sharoitga moslashib ketishgan. Endi esa, nima emish, tub aholi ularga moslashishi kerak emish. Bu - adolatdan emas," deya so‘zlarida davom etadi Olьga ham.

Masjid qurilishiga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi namoyishda esa, 100 dan ortiq kishi ishtirok etgan. Ulardan aksariyatini boshqa bir madaniyat va din vakillari bilan qo‘shnichilik qo‘rqitadi.

"Men musulmonlarning diniy marosimlari qanday bo‘lishini televizor orqali ko‘rdim. Ko‘pchilik yig‘ilib, jonliqlarni qurbon qilishar ekan. Men bolalarimning bunga ko‘zlari tushishini xohlamasdim. Bundan tashqari, so‘fining azoni ham hordiq chiqaruvchilarga halaqit qiladi," deydi yana bir namoyishchi.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, Kaliningrad viloyatida 12 ming nafar musulmon istiqomat qiladi. Ulardan aksariyatini Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan musulmonlar tashkil etishadi.

"Hozir viloyatda ko‘plab musulmonlar istiqomat qilishadi. Ammo birorta ham masjid yo‘q. Biz musulmonlarga masjid nihoyatda kerak, busiz mumkin emas," deydi musulmonlarning Kaliningraddagi diniy idorasi rahbari.

Irshat Hisamovning aytishicha, shahar hokimiyati masjid qurishlari uchun bir nechta yerni taklif etgan va ular o‘zlariga eng maqbul bo‘lganini tanlashgan.

"Masjid qurish uchun xiyobondagi 19 ta daraxt kesilarkan. Lekin biz ularning o‘rniga xiyobonning boshqa yerida 60 ta ko‘chat o‘tqazamiz. Bundan tashqari, masjid atrofidagi yerlar ham obodonlashtiriladi. Hozir esa, u yerda araqxo‘rlar ham, giyohvandlar ham yig‘ilishadi. Biz yana xiyobonda bolalar maydonchasi qurmoqchimiz. Maydonchada faqat musulmonlarning emas, hammaning bolasi o‘ynashi mumkin bo‘ladi," deydi janob Hisamov.

Unga ko‘ra, yon-atrofda yashayotgan aholini bezovta qilmaslik uchun azon ham chaqirilmaydi. Masjid yonida qurbonlik qilish rejalari ham yo‘q.

Mahalliy musulmonlar hali 1994 yilda masjid qurish tashabbusi bilan chiqishgandi. Ammo mahalliy aholining noroziligi tufayli ushbu reja shu paytgacha ortga surib kelinmoqda.

Lekin uyushtirilayotgan ketma-ket namoyishlarga qaramasdan, shahar mas‘ullari bu gal o‘z qarorlarini o‘zgartir

O‘tgan yil oxirlarida Moskva janubi-sharqida joylashgan "Tekstilshiki" metrosi yaqinida yangi masjid qurish rejasi ham katta bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Bir guruh mahaliy aholi rus millatchilari ishtirokida yangi masjid qurilishiga qarshi namoyish o‘tkazishgandi.

Ular mingdan ortiq imzo to‘plab, Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedevga ham murojaat etishgandi.